Islom ta’limotiga ko‘ra, qabr insonning bu dunyodan u dunyoga o‘tish ostonasidir. Hazrati Usmon raziyallohu anhu qabr tepasida turganlarida yig‘lar edilar va bu haqda so‘rashganda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qabr oxirat manzillarining avvalgisidir. Agar banda undan qutulsa, keyingilari oson bo‘ladi», deb aytganlar”, deya javob berardilar.
Darhaqiqat, Islom dinida qabristonlar nafaqat marhumlarning so‘nggi manzili, balki tiriklar uchun ibrat, ma’naviyat va oxiratni eslatuvchi mo‘tabar makon hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinai Munavvaraga hijrat qilganlaridan so‘ng musulmonlar uchun alohida “Baqi’” qabristonini tashkil etdilar. Bu maskan ilk musulmonlar dafn etilgan muborak joy bo‘lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tez-tez u yerga borib, marhumlar haqiga duo qilardilar. Bu esa qabristonlarni ziyorat qilish sunnat ekaniga asosdir.
Qabristonni ziyorat qilishda ham tirik uchun, ham marhum uchun ulkan manfaatlar bor. Ziyoratchining qalbi yumshaydi, dunyoning o‘tkinchi ekanini anglaydi va oxiratga tayyorgarlik ko‘rish hissi uyg‘onadi. Ziyoratchining o‘qigan Qur’on tilovati, aytgan istig‘fori va qilgan duolari marhumning qabrini nurli qilib, darajasini ko‘taradi. Hadisi sharifda: “Qabrlarni ziyorat qilib turinglar, chunki u oxiratni eslatadi” deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Qabristonlar islom huquqida vaqf yerlari hisoblanadi. Bu yerlarga nisbatan hurmatsizlik qilish, qabr ustini bosish yoki nojoiz amallar bilan shug‘ullanish qat’iyan man etiladi. Qabristonda ishlaydigan kishilar (go‘rkovlar, qarovullar) diyonatli, taqvodor va omonatdor bo‘lishlari lozim. Zero, ular insonning eng so‘nggi va maxfiy holatlariga guvoh bo‘ladilar. Ulamolar aytadilarki, go‘rkov marhumning ayblarini yashiradigan, sodiq kishi bo‘lishi kerak.
O‘tganlarni yod etish, ayniqsa, ota-onaning qabrini ziyorat qilish farzandlik burchidir. Buyuk ulamolar har doim ustozlari va yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilib, ularning haqiga xayrli duolar qilishni odat qilganlar. Bu insonning o‘z ajdodlariga bo‘lgan hurmatini ifodalaydi. Agar biz o‘tgan ajdodlarimizning ruhini shod etsak, qabrlarini obod saqlasak, Yaratganning yurtimizga barakasi va tinchligi yog‘iladi. Ajdodlar haqiga duo qilish, ular yotgan joyni pok tutish — tiriklarning ma’naviy darajasini ko‘rsatadi. Qadimgilar bejizga: “Yerning osti tinch bo‘lsa, usti tinch bo‘ladi”, demaganlar.
Afsuski, ba’zi joylarda qabristonlar qarovsiz qolgani, atrofi o‘t-o‘lan bilan qoplangani yoki chiqindilar to‘planib qolgani achchiq haqiqatdir. Bugungi kunda imom-xatiblar xalq orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirib, qabristonlarni tozalash va obodonlashtirish savobli ish ekanini tushuntirib bormoqdalar. Ya’ni, Qabristonni oddiy go‘riston emas, balki tarbiya maskani sifatida qabul qilish, qabrlar ustiga hashamdor haykallar qo‘yish emas, balki atrofni ozoda tutish muhimligi, qabristonlarni muntazam ziyorat qilib turish savobli amal ekanligini uqtirib kelmoqdalar. Agar biz marhumlarimizning qabrini obod qilsak, kelajak avlod ham bizni shunday e’zozlaydi. Yurtimizdagi tinchlik va omonlik ajdodlar duosi va ularga bo‘lgan hurmatimiz mevasidir.
Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalarida («Al-Mabsut», «Badoi’us sanoi’», «Raddul muhtor», «Fatovoi Olamgiriya») qabrlar va ularning haq-huquqlari borasida aniq va mufassal qoidalar belgilangan. Jumladan: Hanafiy mazhabiga ko‘ra, qabr yerdan bir qarich yoki sal ko‘proq (tuyaning o‘rkachidek) baland qilinishi mustahab hisoblanadi. Mazhabimizda qabr ustini to‘rt burchak emas, balki o‘rkachsimon shaklda qilish afzal ko‘rilgan. Qabr ustini gips (alebastr) yoki ohak bilan oqlash va bezash makruh sanaladi, chunki qabr ziynat emas, balki oxiratni eslatuvchi makondir. Ammo qabr tuprog‘i to‘zib ketmasligi uchun uni suv sepib zichlash va tosh bilan belgi qo‘yish joiz.
«Al-Bahrur roiq» va boshqa manbalarda kelishicha, qabr ustida o‘sib turgan ho‘l giyoh, o‘t-o‘lanlarni yulish makruhdir. Chunki, ho‘l o‘simliklar Allohga tasbeh aytadi va buning sharofati bilan marhumga yengillik bo‘ladi. Shuning uchun qabrlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish va marhumning bosh tomoniga rayhon yoki shu kabi ko‘chatlar ekish sunnatga muvofiq amal hisoblanadi.
Hanafiy fuqaholari qabr ustiga o‘tirish, uxlash va uning ustidan yurishni makruh deb hisoblaydilar. Imom Muhammad rahimahulloh aytadilar: «Qabr ustini bosib yurishni karih ko‘ramiz». Faqat qabrni ziyorat qilish yoki mayyitni dafn qilish uchun boshqa yo‘l bo‘lmasa, zarurat yuzasidan ruxsat beriladi. Yana fiqhiy manbalar shuni uqtiradiki, qabrning «obodligi» uning ustiga qimmatbaho marmarlar qo‘yish yoki baland devorlar urishda emas, balki u yerda Qur’on tilovat qilish va haqiga duo qilish bilan bo‘ladi. Atrofini axlat va chiqindilardan pok tutish, tikan va qurigan shox-shabbalardan tozalash ayni muddaodir.
Homidjon qori Ishmatbekov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati