Sodiq Toshboyev,
“Haj-2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu o‘zgarishlar markazida, avvalo, inson qadri, uning manfaatlari va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish masalasi turibdi. Ayniqsa, fuqarolarimiz uchun muqaddas haj va umra ziyoratlarini markazlashtirilgan holda tashkil etish, ularning ibodatlarini emin-erkin va qulay sharoitlarda ado etishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik ziyoratchilar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Natijada haj va umra safarlarini tashkil etish tizimi sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, hajning eng muhim bosqichlari hisoblangan Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar ham tubdan yaxshilanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yangi bosqichga chiqdi. Ushbu maskanlarda hojilarni joylashtirish, transport qatnovi, oziq-ovqat ta’minoti, sanitariya-gigiyena, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar ziyoratchilarimizning xotirjamligini ta’minlamoqda.
“Haj-2026” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida barcha tashkiliy ishlar oldindan puxta rejalashtirildi va bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Hojilarimizning safar davomidagi har bir jarayoni — hujjatlarni rasmiylashtirish, aviaparvozlar, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlanish, transport, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish masalalari tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Ayniqsa, keksa hoji ota va hoji onalar holidan muntazam xabar olish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali ularga safar davomida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ibodatlarni mukammal ado etishlari ta’minlanmoqda.
Shuningdek, hojilarimiz uchun ma’rifiy suhbatlar, diniy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Bu, albatta, ularning haj amallarini mukammal va bekamu ko‘st ado etishlariga xizmat qiladi.
Bizning asosiy maqsadimiz – har bir hojining muborak safarini mazmunli, xavfsiz, xotirjam va mukammal tarzda ado ettirib, yurtimizga eson-omon qaytishlarini ta’minlashdir.
Shunga ko’ra, barcha ishchi guruhi vakillari, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari bir tan-u, bir jon bo’lib xizmat qilmoqdalar.
Eng muhimi, hojilarimizning kayfiyati ko‘tarinki. Ular muqaddas manzillarda ziyoratchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirmoqdalar. Har bir jarayonda davlatimizning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilmoqdalar, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda davlatimiz ravnaqi uchun samimiy duolar qilmoqdalar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati