Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda rayhon zikr qilingan. Alloh taolo aytadi:
﴿وَالْحَبُّ ذُو الْعَصْفِ وَالرَّيْحَانُ﴾
“Yana (unda) somonli donlar va rayhon (va boshqa gullar) bor” (Rahmon surasi, 12-oyat).
﴿فَرَوْحٌ وَرَيْحَانٌ وَجَنَّةُ نَعِيمٍ﴾
“(uning uchun) rohat, rayhon (bo‘yi) va ne’matlar jannati bordir” (Voqea surasi, 89-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga rayhon taklif qilinsa, uni qaytarmasin. Zero ko‘tarishga yengil, hidi xushbo‘ydir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Rayhonning xushbo‘y hidi ko‘ngilga xursandchilik bag‘ishlaydi. Uni hidlash va uyga qo‘yib qo‘yish bilan yuqumli kasalliklar daf bo‘ladi. Badanga ishqalansa, terlashni, ortiqcha rutubat va noxush hidlarni ketkizadi.
Qora rayhonning yirik bargli va ko‘kish ranglisi erituvchi xususiyatga ega. Shuningdek, u tanadagi tiqilmalarni ham ochadi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xonadonlarida, u zotning mehribonchiliklarida voyaga yetdilar. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoshliklaridan behad sevar edilar, shuning uchun ham hali yosh bola bo‘lsalar-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchilardan bo‘lib iymon keltirdilar. U zot juda yosh edilar, lekin ishq insonni shijoatli qiladi. U zot ana shu sevgi sharobidan ichib, jasur va bahodir yigitga aylandilar. Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan har qanday yovuzlikka qarshi sherdek tashlanar edilar. Ana shu ishq u zotni Hazrat Ali qilgan edi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammaddan keltirgan rivoyatda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tobutga qo‘yilganlarida Ali: «U zotning janozalariga hech kim imom bo‘lmaydi. U zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomimizdir», dedilar. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib, imomsiz janoza o‘qidilar. Ali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ro‘paralarida turib: «Assalomu alayka, ayyuhannabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Allohim! Guvohlik beramizki, u zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani bizga yetkazdilar, ummatga nasihat qildilar. Alloh dinini aziz qilgunicha, so‘zini oliy qilgunicha Alloh yo‘lida jang qildilar. Allohim! Bizni u zotga nozil qilgan diningga ergashganlardan qilgin. U zotdan keyin bizni sabotli qilgin. U zot bilan bizni jam qilgin», dedilar.
Hazrat Ali roziyallohu anhudan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatingiz qanday?» deb so‘rashganda, «Allohga qasamki, u zot bizga molu jonimizdan, bola-chaqamizdan, ota-onamizdan ham, tashna odamning muzdek suvga muhabbatidan ham sevimliroqlar», deb javob berganlar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi