Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey, zamonni ayblab so‘kuvchi inson,
O‘yla, o‘zingmisan beayb benuqson?!
Diningizni teran anglashingiz saodatingiz sabablaridan biridir. Chunki dinni o‘rganish ko‘ngilni keng qiladi va Robbingizni rozi etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa uni dinda faqih (dinni teran anglaydigan) qilib qo‘yadi”.
Shunday ekan, diningizni o‘rgatadigan, ilmingizni ziyoda qiladigan manfaatli kitob, maqolalarni o‘qing.
Shuni bilingki, eng afzal amallarningiz bu sizning Qur’oni karimni tushunishga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini fahmlashga qilgan harakatingizdir. Ko‘proq ular haqida tafakkur qiling, dugonalaringiz bilan shu haqida suhbat quring, imkon qadar yodlashga intiling, tinglang va amal qilishga harakat qiling.
Inson o‘zining dinini yaxshi bilmasligi qalbdagi zulmat va ko‘ngil torligiga olib boradi. Shuning uchun, kichik bo‘lsada bir kutubxona tashkil eting va unga foydali kitoblarni yig‘ib boring. Vaqtingizni saviyasiz qo‘shiqlar va seriallar ko‘rib zoye qilmang, chunki umringizning har bir soniyasi hisob-kitobli, uni Allohning roziligi uchun sarf eting.
Shu’la: Eng qattiq qiyinchiliklar ham o‘ziga ishongan, dadil insonning tabassumi bilan oson va yengil bo‘lib qoladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolar murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning taklif va murojaatlarini tingladi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi ochiq muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati