Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448

Mo‘min nasihatni "yerda" qoldirmaydi!

14.05.2026   22996   2 min.
Mo‘min nasihatni

Insonlar hayotda bir birlari bilan ahl inoq yashashlari dinimizda maqtalgan ko‘rsatma hisoblanadi.

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning birodaridir, hech bir holatda uning nasihatini yerda qoldirmaydi”. deganlar.

Dinimizda mo‘minlar bir-birlari bilan aka-uka kabidirlar. Shunday ekan, mo‘minlar o‘rtasidagi haqiqiy munosabat tug‘ishgan birodarlari bilan qiladigan munosabati kabi bo‘lishi kerak. Hatto ziyodaroq bo‘lishi darkor. Shu sababdan birodarini sevmoq, unga go‘zal muomala qilmoq, uning oldida kamtar bo‘lmoq, o‘zining va aka-ukasining obro‘sini himoya kilgani kabi uning ham sharafini himoya qilmoq mo‘minlik, do‘stlik shartlaridandir.

Bunday ahillikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazratlari Madinaga borgan vaqtlarida sahobai kirom o‘rtasida tadbiq etilgan. Makkada bor-yo‘g‘ini qoldirib, faqat Allohning roziligi uchun hijrat qilgan makkalik muhojirlar bilan ularni quchoq ochib kutib olgan Madina xalqi – ansorlar orasida yuzaga keldi. 

Islomga yordam berganlari uchun madinalik musulmonlar ansor – yordamchi deyildi. Madinalik ansor makkalik  birodariga bor-yo‘g‘ini topshirib, haqiqiy samimiylik muomalasi qilgan bo‘lsalar ham, ahli Makkaliklar o‘zlariga ko‘rsatilgan bu insoniy birodarlikka minnatdorlik bildirish bilan birga, birodarlariga ortiqcha yuk bo‘lmaslik uchun savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshladilar. Biroz vaqtdan so‘ng esa ularning o‘zlari boshqa muhtojlarga yordam bera boshladilar. Ulardan biri hazrati Abdurrahmon ibn Avf (Alloh undan rozi bo‘lsin) Shom safaridan kelgan savdo mollarini tuyalari bilan birga Madina kambag‘allariga ehson qilganlar.

Ma’lumki, inson nuqsondan xoli emas. Ammo musulmon o‘z birodaridagi ba’zi kamchiliklarni shartta yuziga solmaydi. Balki munosib bir vaqtda munosib bir so‘z bilan hamda tanho bir joyda aytadi va nasihat qiladi. Birodarining xatoyu kamchiliklarini oshkor aytish johillarning harakatidir. 

Zero, buning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Chunki o‘rtada hasad, gina-adovat, janjallar kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun nasihat qiluvchilar, mutlaq tanho bir joyda, shirin til bilan o‘zining kamchiliklarini ham biroz misol keltirib, uni o‘zidan sovutib, uzoqlashtirmaydigan darajada o‘git berishlari lozim. Har holda, barchamiz nasihatga muhtojmiz.

Yaratgan bir-birimizni  to‘g‘ri yo‘lga chaqirishimiz ham dinimiz amri, ham dunyoyu oxiratimizning saodati uchun zarurdir. Barchamizga shunday go‘zal xulq egasi bo‘lishimizni nasib aylasin.

 

Kenjabek Soliyev, 
Chust tuman “G‘oyib eronlar” jome masjidi imom-xatibi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Olmaotadagi “Umra plyus” xalqaro sayyohlik yarmarkasida O‘zbekistonga 10 ming ziyoratchini jalb etishga kelishildi

18.09.2026   49420   1 min.
Olmaotadagi “Umra plyus” xalqaro sayyohlik yarmarkasida O‘zbekistonga 10 ming ziyoratchini jalb etishga kelishildi

Olmaota shahrida O‘zbekistonning “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashabbusi bilan xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, ziyoratchilar oqimini O‘zbekistonga jalb etish hamda “Umra plyus” dasturi doirasida yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.

Yarmarkada 50 nafarga yaqin xorijiy hamkorlar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sohasida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston, Hindiston, Afg‘oniston va Belarus konsullik idoralari vakillari ham qatnashib, xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.

Tadbir doirasida “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yirik turoperatorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, “Umra plyus” dasturi doirasida 2026 yil yakuniga qadar qariyb 10 ming nafar ziyoratchining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, turistik xizmatlar eksportini oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizga xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu yarmarka O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy turoperatorlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbir so‘nggida Bosh konsulxona vakillari tomonidan faol ishtirokchilar va hamkorlarga “Umra plyus” xalqaro turizm yarmarkasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari