Insoniyat tarixida ayrim makonlar borki, ular faqat geografik nuqta emas, balki ruhiy tarbiya va ma’naviy uyg‘onish markazi hisoblanadi. Ana shunday muqaddas maskanlarning eng ulug‘i – Masjidul harom va uving qalbi bo‘lgan Ka’bai muazzamadir. Millionlab musulmonlar har yili turli millat, til va madaniyatdan qat’i nazar, bir maqsad – Alloh taoloning roziligiga erishish uchun ushbu muborak joyga yo‘l oladilar. Haj – Islomning beshinchi rukni bo‘lib, u oddiy sayohat yoki rasmiy marosim emas. Haj insonning qalbini poklaydigan, nafsini tarbiyalaydigan, uni yanada mas’uliyatli va taqvodor shaxsga aylantiradigan buyuk ibodatdir. Aslida, haqiqiy haj – insonning ichki dunyosini o‘zgartiruvchi hajdir.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy Bakkada (Makkada) muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat). Ushbu muborak oyat Ka’batullohning insoniyat tarixidagi yuksak o‘rnini ko‘rsatadi. U nafaqat musulmonlarning qiblasi, balki tavhid ramzi hamdir. Yer yuzida turli sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, Ka’ba asrlar davomida insoniyatni yagona Robbga ibodat qilishga chaqirib kelmoqda.
Tarixiy manbalarda Ka’baning bir necha bor qayta ta’mirlangani zikr qilinadi. Odam alayhissalomdan tortib, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlargacha, hatto Quraysh qabilasi va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular davrigacha uning qayta qurilgani haqida rivoyatlar keltirilgan. Bu holat Ka’baning insoniyat ongida nechog‘li muqaddas o‘rin tutishini anglatadi.
Ko‘pchilik hajni faqatgina farz amalini ado qilib qo‘yish deb tushunadi. Aslida esa haj – insonning axloqiy va ma’naviy kamolotini sinovdan o‘tkazadigan ulkan maktabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: «Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir» (Muttafaqun alayh). Lekin har qanday haj ham «mabrur» (qabul bo‘lgan) bo‘lavermaydi. Ulamolar mabrur hajni — xolis niyat bilan, halol moldan, gunoh, riyo va xo‘jako‘rsinlikdan uzoq holda ado etilgan ibodat deb ta’riflaydilar. Demak, hajdan maqsad faqat Ka’bani ko‘rish yoki el qatori «hoji» degan nom olish emas. Balki insonning ichki dunyosi o‘zgarishi, gunohlardan chin dildan tavba qilishi va hayotini yangi, pok bosqichdan boshlashi muhimdir.
Bilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biri — hajga ketishdan avval chin dunyodan tavba qilish va odamlar haqini ado etishdir. Zero, zimmasida qarzi yoki o‘zganing haqi bo‘lgan inson haj qilishdan avval ularni egalariga qaytarishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar: «Boy (qodir) kishining qarzini bermay paysalga solishi zulmdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ayrimlar hajni obro‘, tijorat yoki ijtimoiy maqom vositasiga aylantirib yubormoqda. Islom shariatida pora, tanish-bilishchilik yoki nohaq yo‘llar bilan hajga borish qattiq qoralanadi. Bunday yo‘llar ibodatning ruhiy mohiyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Islomda ibodatning qabul bo‘lishi uchun uning tashqi dabdabasi emas, balki ixlos, taqvo va halollik asos qilib olinadi.
Haqiqiy hoji hajdan qaytgach, uning xulqida, oilaviy va ijtimoiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar sezilishi kerak. Ulug‘ tobein Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Mabrur haj — insonning hajdan dunyoga befarq (zohid), oxiratga esa rag‘batli holda qaytishidir». Agar inson tabarruk safardan qaytganidan keyin ham g‘iybat, takabburlik, manmanlik, tarozidan urish va nohaqlikni tark etmasa, u hajning haqiqiy mazmun-mohiyatini anglab yetmagan bo‘ladi. Haj musulmon kishiga sabrni, tartib-intizomni, kamtarlik va birodarlikni o‘rgatadi. Ehromga kirgan paytda boy bilan kambag‘al, rahbar bilan oddiy ishchi bir xil kiyimda, yonma-yon turadi. Bu esa insonlar o‘rtasidagi barcha sun’iy farqlarni yo‘qotib, Alloh huzuridagi haqiqiy tenglik g‘oyasini namoyon etadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘payotib, tarixga muhrlangan ushbu so‘zlarni aytgan edilar: «Sen faqat bir toshsan, na foyda va na zarar yetkaza olasan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda, seni aslo o‘pmas edim». Bu teran fikr Islomda ibodatlar faqatgina sof aqida va sunnatga asoslanishini ko‘rsatadi. Musulmon kishi Hajarul asvadni qandaydir sehrli kuch deb emas, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘lgan cheksiz muhabbat va ehtirom ramzi sifatida ziyorat qiladi.
Haj — musulmon ummatining eng buyuk ma’naviy qurultoyidir. U insonni tashqi jihatdan emas, balki ichki olamini tubdan o‘zgartirish uchun farz qilingan. Haqiqiy haj insonni kamtar, halol, mas’uliyatli va taqvodor qiladi. Bugun musulmon jamiyatimizda hajning faqat tashqi rasmiyatchiligiga emas, balki uning ma’naviy-ruhiy mohiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Chunki Ka’bani shunchaki ko‘z bilan ko‘rishdan ham muhimrog‘i — qalb ko‘zini ochish va uni poklashdir. Haqiqiy mabrur haj esa insonni gunohlardan uzoqlashtirib, Yaratuvchisiga yaqinlashtiradi.
Jamol Mavlonov,
Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» jome masjidi imom-xatibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati