#xabar #haj2026 #prezident_hojisi
Ayni kunlarda yurtimizda "Haj – 2026" mavsumi qizg‘in pallasiga kirdi. Islom dinining beshinchi arkonini ado etish ishtiyoqida bo‘lgan minglab hamyurtlarimizni muborak diyorga kuzatish ishlari tizimli ravishda yuqori darajada amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan el-yurt koriga yarayotgan, fidoiy va jonkuyar 100 nafar vatandoshimizni "Prezident hojisi" sifatida Haj safariga jo‘natish haqidagi xushxabar butun mamlakatimiz bo‘ylab katta quvonch va shukronalik bilan kutib olindi.
Shu kunlarda ana shunday yuksak baxt va e’tirofga musharraf bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan ziyoratchilar Toshkentda yuqori darajada kutib olinmoqda. Tadbirlarda mutasaddi vakillar ishtirok etmoqda. Xususan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ushbu ziyoratchilarni iliq so‘zlar, ezgu tilaklar va esdalik hadyalari bilan qarshi oldi.
Ma’lumot o‘rnida, ulug‘ haj ibodati oldidan Toshkentga kelgan ushbu ziyoratchilar uchun poytaxtimizdagi diqqatga sazovor joylar, muqaddas qadamjolar va tabarruk maskanlarga ziyoratlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhining birodari vafot etganida bir qancha kishi ta’ziya bildirish uchun keldi.
Imom A’zam rahmatullohi alayhi ham ta’ziya bildirgani keldi. Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhi turib, uni o‘z o‘rniga o‘tqizadi va o‘zi uning oldiga o‘tiradi.
Insonlar ketganidan keyin talabalari Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhidan: "G‘alati ish qilganingizni ko‘rdik", deyishdi.
U esa: "Bu kishi ahli ilmdir. Ilmi uchun turmasam ham yoshi uchun turaman. Yoshi uchun turmasam ham fiqhi uchun turaman. Fiqhi uchun turmasam ham taqvosi uchun turaman", deb javob berdi.
Manba: Haraviy. "Mirqotul mafotih sharhu Mishkotul masobih". J. 1. - B. 30.