Bugun, 18 may kuni “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruh ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan muqaddas safarga kuzatildi.
Kuzatuv marosimida davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul vakillari, taniqli ulamolar, soha mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Fayzli tadbirda ziyoratchilarga Haj amallarini bekamu ko‘st ado etishlari, Haq taolodan yurtdoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini maqbul aylashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Muborak safar oldidan mavsumning yakuniy guruhlari, xususan, “Prezident hojisi” maqomiga sazovor bo‘lgan 100 nafar yurtdoshimizning quvonch va hayajoni qalblarni to‘lqinlantirdi. Ularni kuzatayotgan yaqinlari esa havas bilan shunday saodatli kunlar o‘zlariga ham nasib etishini so‘rashdi.
Bo‘lg‘usi hojilar ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun Davlat Rahbari hamda tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Muqaddas zaminda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun duoda bo‘lishlarini ta’kidlashdi.
Shunday qilib, “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruhlari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga ko‘tarinki kayfiyatda jo‘nab ketdi.
Alloh taolo muborak safarga otlangan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur aylab, ona-Vatanimizga sog‘-salomat qaytishlarini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati