frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Oqil - aybini tan oladi, ahmoq - xatosini oqlaydi

19.05.2026   15299   3 min.
Oqil - aybini tan oladi, ahmoq - xatosini oqlaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.

Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.

Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.

Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan donishmand, aybini yashirgan nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.

Xato bu yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson baxtli inson.

Xulosa qilib aytganda, oqillik xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.

Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   37166   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari