Bugungi kunda globallashuv, mafkuraviy xurujlar va tashqi tahdidlar haqida ko‘p va mo‘l targ‘ibot olib borilmoqda. Lekin kattaroq dushman uyimizda — befarqlik va ma’naviy qashshoqlik qiyofasida in qurib olayotganini sezmay qolayotanimizni tan olishimiz lozim bo‘ladi.
Bugun bir yosh yigitning yot g‘oyalar girdobiga tushishi yoki jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi — shunchaki adashish emas, bu unga ota-onasi tomonidan berilgan "ma’naviy tarsaki"dir.
Bolaning qalbi oppoq varoq unga siz va ustozlari turli chizgilar chizasiz, bu varoqni siz ezgulik bilan to‘ldirmadingizmi, demak, uni albatta yovuzlik egallaydi. Bunda tabiat ham, hayot ham bo‘shliqni suymaydi!
Afsuski, ba’zilarimiz xonadonimizda o‘zimiz farzandlarimiz uchun kitob javonini to‘ldirishdan ko‘ra, mehmonxonamizdagi xrustallar soni va sifatini orttirishni yoqtiramiz.
Nima uchun farzandimizning ma’rifatiga emas, balki qo‘shnining oldidagi "obro‘yimiz" uchun yillab pul yig‘amiz?
Nima uchun isrofgarchilikka to‘la dabdabali to‘ylarni "orzu-havas" deb ataymiz-u, farzand ta’limi uchun sarflangan mablag‘ni "xarajat" deb bilamiz?
Shuni unutmaylikki, to‘ydagi dasturxonning hashami bir kunda unutiladi, ammo bolaning ongidagi ilmsizlik zahri bir umrga muhrlanadi.
"Kaltakning ikki uchi bor" deyishadi. Bugun farzandiga vaqt ajratmagan ota-ona, ertaga uning qilmishlari uchun nafaqat mol-dunyosi, balki butun boshli g‘ururi va sog‘lig‘i bilan tovon to‘laydi. Choyxonadagi gurunglar va to‘yxonadagi maqtanishlar bilan cheklangan dunyoqarash bizni faqat orqaga, jaholat botqog‘iga tortadi.
Ha, farzandning tarbiyasiga tikilmagan sarmoya — ertaga uning xatolarini yopish uchun sovuriladigan ming chandon ko‘p mablag‘ demakdir.
"Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!" Bu xitob bugun har bir ota-onaning qulog‘i ostida bong urishi shart! Zero, biz bugun farzandimizga kitob bermasak, ertaga ular o‘zimizdami o‘zga davlatdami eng kam haq olinadigan ishlarda ishlashga majbur bo‘lishadi. Farzand tarbiyasiga beparvolik — nafaqat oilaga, balki millat va kelajakka qilingan eng og‘ir xiyonatdir!
Adhamjon Abdurahmonov,
Pop tuman “Kichik Xo‘jaobod” jome masjidi imom noibi tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati