Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Ayollar qabristonga borishi mumkinmi?

19.05.2026   14165   4 min.
Ayollar qabristonga borishi mumkinmi?

Dinimizda qabr ziyoratiga ruxsat berilgan, balki targ‘ib ham qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar. Chunki, u dunyodan qaytaradi va oxiratni eslatadi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).

Ulamolar ushbu hadisni qabr ziyoratiga ruxsat berish uchun asos qilib keltiradilar. Biroq ayollarning his-hayajonlari erkaklarnikidan farq qiladi. Shu bois kitoblarimizda ayollarning qabristonga borishi borasida bir necha xil fikrlarni uchratishimiz mumkin. Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi “Raddul muhtor” kitoblarida ushbu masaladagi turli qarashlarni keltirgach, ularning ortidan Xayruddin Ramliyning quyidagi so‘zlarini keltiradi:

 “Agar ayollarning qabristonga borishi odatdagidek, yig‘lash, qayg‘ularni yangilash va o‘liklarni maqtab jar solish uchun bo‘lsa  bu joiz emas. “Qabr ziyorat qiluvchi ayollarni Alloh la’natlasin”, ma’nosidagi hadis ham mana shunday ayollarga qarata aytilgan. Agar yoshi katta ayollar ibratlanish, yig‘i-sig‘i qilmay, o‘tganlarga rahmat so‘rash va solih insonlarning ziyoratidan tabarruk hosil qilish uchun borsalar, buning zarari yo‘q. Agar yosh ayollar bo‘lsa, ularning qabristonga borishlari xuddi masjidga borishlari kabi makruhdir”.

Alloma Ibn Obidiyn ushbu iboralarni keltirgandan so‘ng masalaga quyidagicha xulosa yasaganlar: “Xayruddin Ramliyning ushbu xulosalari mazkur masaladagi har-xil so‘zlarni go‘zal shaklda muvofiqlashtirish hisoblanadi” (“Raddul muhtor”).

Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dafn etilgan uyimga odatiy uy kiyimimni kiyib, nomahramlar oldida kiyadiganlarimni kiymay, kiraverar edim va «Birlari erim, birlari otam (Abu Bakr)ku!», der edim. Vaqtiki, u joyga Umar ham dafn etilgach, Allohga qasamki, qachon kirgan bo‘lsam, Umardan hayo qilib, albatta, kiyimboshimni bog‘lab kirganman» (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyallohu anhoga qabr ziyoratiga borishga izn berganlari va u yerga borganida qaysi duoni aytishi kerakligini o‘rgatganlari sahih hadisda kelgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tdilar. Shunda u zot unga: "Allohdan qo‘rq va (boshingga tushgan musibatga) sabr qil", dedilar. Ayol: "Nari tur! Mening boshimga tushgan musibatni qayerdan ham bilarding. Zero, seni boshingga tushmaganda", dedi. So‘ng odamlar ayolga bu zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam ekanini aytishdi. Shunda haligi ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylariga bordi va eshik oldida qo‘riqchilarni ko‘rmadi. Ayol: "Sizni tanimabman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Chinakam sabr musibatning dastlabki onlarida sabr qilishdir", deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ayolning qabr ziyoratiga borgani hamda qabr boshida turishiga e’tiroz bildirmadilar. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron ishga e’tiroz bildirmasalar bu o‘sha ishning joizligiga dalolat qiladi.

Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: "Mazkur hadisdagi dalolat o‘rni shuki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayolning qabr oldida o‘tirishiga tanbeh ber-masdan unga iqror bo‘lishlari bu ishning joizligiga hujjat bo‘ladi" ("Fathul Boriy").

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning qabr oldida shariatimizda ta’qiqlangan dod-voy solib yig‘lashiga tanbeh berdilar, xolos.

Demak, ulamolarimizning yuqoridagi so‘zlaridan yoshi katta ayollar erkaklarga aralashmagan holatda, satri avratga rioya qilib, yig‘i-sig‘i qilmay, ibratlanish maqsadida qabristonga borib o‘tganlarini ziyorat qilib, ularning haqlariga duo qilib kelishlari joiz ekani kelib chiqadi.


Muhammad Ayyub Faxriddinov,  
Namangan shahri "Yusufxon o‘g‘li Qosimxon" jome masjidi imom noibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

15.09.2026   3393   1 min.
Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.

Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.


Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi
O'zbekiston yangiliklari