Viloyatda Qurbon hayitini munosib kutib olish, bayram kunlarida aholi xavfsizligi, jamoat tartibi hamda kommunal tizimlar barqarorligini ta’minlash maqsadida imom-xatiblar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Milliy gvardiya, Sog‘liqni saqlash tizimi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda gaz va elektr ta’minoti korxonalari mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tez tibbiy yordam xizmatining shayligini ta’minlash, yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish va kommunal sohada nosozliklarning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shuningdek, imom-xatiblarga bayram kunlari aholi o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat, hamjihatlik va ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish kabi ezgu qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, namozxonlar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida barcha soha vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirgan holda Qurbon hayitini yuqori saviyada va osoyishta o‘tkazish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati