Shu yil 18 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining boy ma’naviy merosini, tasavvuf ta’limotining asl insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.
Uchrashuvda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimiz allomalarining ilmiy merosi butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja domla Inoyatov ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, Toshkent islom institutini diniy ta’lim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar birgalikda kitoblar nashr etish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb ilmiy maqolalar tayyorlash hamda talabalarning bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ustozlik qilish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladilar. Bu sheriklik tasavvufning sof ilmiy asoslarini keng yoyish va soxta tariqatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 20 may kuni Jidda shahrida tashkil etilgan 50-yubiley haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Nufuzli tadbirda vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari, ekspertlar qatnashdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida “Haj - 2026” mavsumi ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni Podshohlik Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi. Jumladan, haj xizmatlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalari, tibbiy xizmatlar va hojilar xavfsizligiga oid chora-tadbirlarga urg‘u qaratdi.
Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi issiq kunlarga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, chodirlardan ibodat bilan band bo‘lish, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistonining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish juda muhim ekani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Anjuman doirasida davlatlarning haj ishlariga mutasaddi tashkilotlari rahbarlarining ham yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 80 dan ortiq davlatdan yuzlab olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati