Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar intilsangiz orzu etib ulkan sharaf tomon,
Yulduzlardan past narsaga qanoat etmang hech qachon.
Banda Allohning tavfiqi va barakasidan mahrum bo‘lganda go‘zallik, zakovat, kuch-quvvat va ma’rifat in’omlarining barchasi musibatga aylanadi. Shuning uchun Alloh bandalarini ana shunday xafalik va sarosimalikdan ogoh etadi. Masalan, siz gohida yo‘lda ketayotgan bo‘lasiz, shunda siz tarafga qarab bir mashina yeldek uchib kelayotgan bo‘ladi. U ko‘zingizga badaningizni parchalab, hayotingizga nuqta qo‘yadigandek tuyuladi. Shunda bor kuchingiz bilan qutulishga va omon qolishga intilasiz. Alloh taolo bandalariga Undan yuz o‘girsalar ana shunday halokat va o‘limlarga duch kelishlarini bildirishni xohlaydi va najotni U zotdangina izlashlarini buyuradi:
﴿فَفِرُّوا إِلَى اللَّهِ إِنِّي لَكُمْ مِنْهُ نَذِيرٌ مُبِينٌ وَلَا تَجْعَلُوا مَعَ اللَّهِ إِلَهًا آَخَرَ إِنِّي لَكُمْ مِنْهُ نَذِيرٌ مُبِينٌ﴾
“Bas, faqat Allohgagina qoching. Albatta, men sizlarga Undan (kelgan) ochiq-oydin ogohlantiruvchiman.Va Allohga boshqa ma’budni sherik qilmanglar. Albatta, men sizlarga Undan (kelgan) ochiq-oydin ogohlantiruvchiman” (Zariyat surasi, 50-51-oyatlar).
Inson o‘zini tiklashi, hayotini qayta tartibga solishi va Robbisi bilan har kuni oldingisidan afzalroq aloqa bog‘lashi talab etiladi. Ushbu ma’noni bu duo to‘liq ifoda etadi: “Allohim, Sen Robbimsan, Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni yaratgansan, men Sening qulingman. Men imkon qadar Senga bergan va’dam va ahdimda sodiqman. Sendan qilgan narsalarim sababli yetadigan yomonlikdan panoh so‘rayman. Menga bergan ne’matlaringni e’tirof etaman, gunohlarimni ham e’tirof etaman. Meni kechir, Chunki gunohlarni faqat Sengina kechirguvchisan”.
Bu duoni har kuni tong otgan va kun botgan vaqtda qayta o‘qish va o‘z va’dasini qayta yangilab olish lozim.
Shu’la: Agar biror ishingizda muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz hech qachon umidsizlikka taslim bo‘lmang, tushkunlikka tushmang. Sizni shak-shubhalar chulg‘ab olishiga aslo yo‘l qo‘ymang!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
2026 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi majlislar zalida viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha imom-xatiblar ishtirokida 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari Abdusattor Otaboyev hamda viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ishtirok etib, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash, O‘MI ustavi hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar. Shuningdek, birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng viloyat imom-xatiblarining “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida Andijon tumanida navbatdagi amaliy seminar-yig‘ilishi tashkil etildi.
Seminar davomida ishchi guruhlar mahallalar va masjidlarda o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldilar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdilar hamda masjidlar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar. Seminar yakunida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli vazifalar belgilab berildi.