Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’on tilovatini muhofaza qilish.
Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ
“Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar” (Fotir surasi, 29-oyat).
Mo‘min kishi har oyda Qur’onni kamida bir marta xatm qilib turishi kerak. Qur’ondan bir pora o‘qish uchun yarim soatdan biroz ko‘proq vaqt ketadi. Bizni yaratgan, qaddingni rostlagan, zohiriy va botiniy ne’matlarini ustingdan yog‘dirib turgan, senga ofiyat bergan, senga molu dunyo, bola chaqa bergan, senga aql-zakovat bergan Robbingning Kalomi uchun har kuni yarim soat yoki bir soat vaqt ajrata olmaymiz-mi?! Shuncha ne’matlarni bergan Zotga bu borada baxillik qilgan bo‘lamiz-ku axir deb o‘ylamayman!
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on tilovatini, Allohning zikrini lozim tut! Chunki u senga yerda nur, osmonda zaxiradir”, dedilar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qur’onni o‘qinglar. Albatta, u qiyomat kuni sohibiga shafoatchi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Qur’on yodlashga urinish.
Bu ish oliyhimmat va azmi chin bo‘lgan kishilarning o‘ljasidir. Allohdan ular uchun do‘zaxdan salomat bo‘lish bashorati bordir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar Qur’on bir terida jamlansa, Alloh uni do‘zaxda kuydirmaydi”.
Qur’on oyatlarini tadabbur qilish va uning ma’nolarini tushunish.
Bu Qur’onning eng katta haqlaridandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُوا آَيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ
“(Ey, Muhammad! Ushbu Qur’on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir” (Sod surasi, 29-oyat).
Qur’onga amal qilish va u bilan xulqlanish.
Qur’on bilan xulqlanish bandaning dunyo va oxiratda najotga erishishining asosidir. Qur’onni o‘qishdan, yodlashdan va tadabbur qilishdan maqsad ham shudir. Alloh taolo Qur’onda bunday degan:
وَهَذَا كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ مُبَارَكٌ فَاتَّبِعُوهُ وَاتَّقُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
“Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur’on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo‘lingiz, toki rahm qilingaysiz” (An’om surasi, 155-oyat).
Boshqa bir oyatda Alloh taolo bunday degan:
كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ آَيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ
“Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi” (Baqara surasi, 187-oyat).
Qur’onni boshqalarga o‘rgatish.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
2026 yilning 16 iyun kuni – yangi 1448 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2026 yilning 25 iyun, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD