Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Qur’on o‘quvchining vazifalari

20.05.2026   23185   3 min.
Qur’on o‘quvchining vazifalari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’on tilovatini muhofaza qilish.
Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qilgan:

إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ

“Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar” (Fotir surasi, 29-oyat).

Mo‘min kishi har oyda Qur’onni kamida bir marta xatm qilib turishi kerak. Qur’ondan bir pora o‘qish uchun yarim soatdan biroz ko‘proq vaqt ketadi. Bizni yaratgan, qaddingni rostlagan, zohiriy va botiniy ne’matlarini ustingdan yog‘dirib turgan, senga ofiyat bergan, senga molu dunyo, bola chaqa bergan, senga aql-zakovat bergan Robbingning Kalomi uchun har kuni yarim soat yoki bir soat  vaqt ajrata olmaymiz-mi?! Shuncha ne’matlarni bergan Zotga bu borada baxillik qilgan bo‘lamiz-ku axir deb o‘ylamayman!

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on tilovatini, Allohning zikrini lozim tut! Chunki u senga yerda nur, osmonda zaxiradir”, dedilar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qur’onni o‘qinglar. Albatta, u qiyomat kuni sohibiga shafoatchi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).


Qur’on yodlashga urinish.
Bu ish oliyhimmat va azmi chin bo‘lgan kishilarning o‘ljasidir. Allohdan ular uchun do‘zaxdan salomat bo‘lish bashorati bordir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar Qur’on bir terida jamlansa, Alloh uni do‘zaxda kuydirmaydi”.

 

Qur’on oyatlarini tadabbur qilish va uning ma’nolarini tushunish.
Bu Qur’onning eng katta haqlaridandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُوا آَيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ

(Ey, Muhammad! Ushbu Qur’on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir” (Sod surasi, 29-oyat).

 

Qur’onga amal qilish va u bilan xulqlanish.
Qur’on bilan xulqlanish bandaning dunyo va oxiratda najotga erishishining asosidir. Qur’onni o‘qishdan, yodlashdan va tadabbur qilishdan maqsad ham shudir. Alloh taolo Qur’onda bunday degan:

وَهَذَا كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ مُبَارَكٌ فَاتَّبِعُوهُ وَاتَّقُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

“Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur’on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo‘lingiz, toki rahm qilingaysiz” (An’om surasi, 155-oyat).

Boshqa bir oyatda Alloh taolo bunday degan:

كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ آَيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ

“Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi” (Baqara surasi, 187-oyat).

 

Qur’onni boshqalarga o‘rgatish.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).


"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

14.09.2026   856   1 min.
Ozarbayjonda muftiylar anjumani boshlandi

Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.

Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:

– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;

– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;

– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.

Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Anjuman davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari