frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Har bir xonadonga kirib borish – ustuvor vazifa

20.05.2026   21789   1 min.
Har bir xonadonga kirib borish – ustuvor vazifa

Joriy yilning 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiligida Yakkabog‘ tumani markazidagi "Jome" masjidida navbatdagi sayyor seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Firdavs Sattorov, viloyat tarkibidagi shahar va tumanlarning bosh imom-xatiblari hamda Yakkabog‘ tumani diniy soha xodimlari ishtirok etdi.


Seminarda hududlarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning natijadorligi, aholi va oilalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish samaradorligi hamda yoshlar tarbiyasiga doir tadbirlar ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Ayniqsa, «har bir xonadonga kirib borish» tamoyili asosida fuqarolarning diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini o‘rganish va sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom — muborak Qurbon hayitini yuqori saviyada kutib olish va unga ko‘riladigan puxta tashkiliy tayyorgarlik masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.


Yig‘ilish yakunida barcha imom-xatiblarga zimmalaridagi mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan bajarish, mahallalarda sog‘lom muhitni ta’minlash va xalqimizning diniy soha xodimlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Qurbon hayiti namozi va tadbirlarini tinch-osoyishta, tartibli hamda yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar belgilab olindi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Har bir xonadonga kirib borish – ustuvor vazifa Har bir xonadonga kirib borish – ustuvor vazifa
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

02.07.2026   1061   2 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.

Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.

Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.

Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.

Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.

Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.

2022 yil dunyoda 1 milliard 52 million tonna oziq-ovqat isrof qilingan. Bu iste’molchilarga yetib borgan oziq-ovqatning qariyb 19 foizi, ya’ni har beshta ne’matdan bittasi tashlab yuborilganini anglatadi. Bu holat dunyoda 783 million inson ochlikdan aziyat chekayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.

Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin, der edilar.

Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.

Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.


Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar