Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado etayotgan qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.
Prezidentimiz ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.
Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ta’kidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etdi.
Suhbatda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz qalbi, ma’naviyati va ma’rifatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha fayz va shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshlarimizni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilishga ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilarimiz yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirdi.
Suhbat yakunida Prezidentimiz barcha hojilarimizga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtimizga sog‘-omon qaytishlarini tiladi.
Munosabat
So‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalar singari diniy-ma’rifiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar, yangilik va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistondagi barcha yangilanish va o‘zgarishlar, avvalo, xalqimiz manfaatlari yo‘lida, fuqarolarimizning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, uning istiqbolini ko‘zlab amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda musulmon dunyosining o‘zaro hamkorligini yanada oshirish, mavjud muammolarga yechim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda musulmon mamlakatlarining imkoniyat va salohiyatini safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugunga kelib, zamon, sharoit va holatlarning o‘zgarishi, fan va texnikaning taraqqiyoti kabi omillar islom huquqshunosligi – fiqh yo‘nalishida ham o‘ziga yarasha munosabatlarda yangicha yondashvni taqozo qila boshlagani bois dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarni yakka shaxslar yoki mahalliy muassasalar orqali qamrab olish qiyinlashgan edi. Xususan, bu o‘zgarishlarga shariat bo‘yicha munosabat bildirish, ular haqida to‘laqonli fatvolar chiqarish murakkablashdi. Bu va bunga o‘xshash boshqa omillar faqihlarning birgalashib ish olib borishlarini talab qilardi. Shu sababdan Islom Fiqhi Akademiyalari tuzilib, bu ilmiy muassasalarga ko‘zga ko‘ringan faqihlar a’zo bo‘ldilar. Hal qilinishi lozim bo‘lgan masala bo‘yicha Akademiya idorasi a’zolarga avvaldan xabar beradi. A’zolar belgilangan muddatgacha o‘sha masalani yaxshilab o‘rganadilar. O‘zlaridan iltimos qilingan mavzularda ilmiy ishlar yozadilar. Keyin Akademiyaning umumiy majlisida mazkur masala muhokama qilinadi. Akademiyaning majlisiga ko‘rilayotgan masala bo‘yicha mutaxassis olimlar ham taklif qilinadi. Ular o‘z mutaxassisliklari asosida ma’lumotlar taqdim qiladilar va Akademiya a’zolarining savollariga javob beradilar.
Uzoq va aniqlik bilan davom etgan majlislardan so‘ng tahlil qilingan masala bo‘yicha Akademiyaning bu boradagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yiladi va ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Ba’zi Akademiyalar qarshi ovoz berganlarning fikrini ham e’lon qiladi.
Shu tariqa zamonamizda o‘rtaga chiqqan ko‘plab muammolar shariat ta’limotlari asosida hal qilinishi yo‘lga qo‘yildi va musulmonlarning tahsiniga sazovor bo‘ldi.
Hozirda xalqaro islomiy tashkilotlar, davlatlar, vazirliklar, shirkatlar, turli muassasalar va shaxslar o‘zlari hal qila olmagan fiqhiy masalalarni yechishda Islom Fiqhi Akademiyalariga murojaat qilishmoqda va kerakli yechimlarni olishmoqda.
Ana shunday fiqh akademiyalardan biri Xalqaro islom fiqhi akademiyasi islom olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan xalqaro ilmiy-fiqhiy tashkilot hisoblanadi.
Yurtimiz ahli uchun eng quvonarli yangiliklardan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining musulmon olamidagi eng nufuzli va davlatlararo maqomga ega bo‘lgan yirik ilmiy-fiqhiy tashkilot – Xalqaro islom fiqhi akademiyasiga a’zo bo‘lganlaridir.
Hozirda akademiya tarkibida dunyoning 57 ta davlatidan 65 nafardan ortiq yetakchi musulmon olimlari faoliyat yuritadi. Ushbu akademiyaga a’zo bo‘lish uchun musulmon dunyosining e’tirof etilgan yetuk faqih va olimlaridan biri bo‘lish, islom huquqini puxta egallash hamda aqida va xulqda islom ta’limotiga qat’iy amal qilish, yuksak ma’naviy obro‘ga ega bo‘lish kabi xislatlarga ega bo‘lish talab etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham Alloh taoloning fazli hamda yordami bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ma’rifatli qilib tarbiyalash va xalqaro miqyosda Islom dinining asl qadriyatlarini keng targ‘ib etish bilan tanilganlar.
Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”. To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Demak, din ta’limotlarini yaxshi tushunadigan bo‘lish banda uchun katta baxt-saodatdir. Unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining alomatidir.
Ta’kidlash kerakki, shu paytga qadar ham Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bir nechta Xalqaro musulmon ulamolari kengash, uyushma, tashkilot va akademiyalarining a’zosi sifatida nufuzli tadbirlardagi tashabbuslari musulmon dunyosi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
Yurtimiz mo‘min-musulmonlari, ulamo va barcha soha vakillari nomidan Alloh taolodan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Xalqaro islom fiqhi akademiyasidagi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,
Ulamolar kengashi a’zosi