Uch kun davomida muborak zaminda bo‘lgan hamyurtlarimiz, xususan, "Prezident hojilari" Rasul alayhissalom shahri — Madinai munavvarada toat-ibodat va shukronalik ila vaqt o‘tkazdilar. Ziyoratchilarimiz dastlab Masjidul Nabaviyda, so‘ng Ravzai sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot va salomlarini yetkazishdi.
Ishchi guruhi va ellikboshilar hamrohligida yurtdoshlarimiz Madinadagi tabarruk maskanlarni ham ziyorat qilishdi. Ilk manzil Islom tarixida mashhur Uhud tog‘i, keyin birinchi qurilgan “Qubo” masjidi bo‘ldi.
Imom-domlalar bo‘lg‘usi hojilarimiz, jumladan, "Prezident hojilari"ga tabarruk joylar fazilati, bu makonlarning Islom tarixida tutgan o‘rni va insonlar ruhiy-ma’naviy olamini yanada boyitishdagi o‘rni haqida go‘zal ma’ruzalar qilishdi. Shuningdek, ushbu safardan har kim ibrat olishi lozimligini ta’sirli voqealar va hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Tabarruk qadamjolarda chin ixlos bilan el-yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi va farzandlar baxtu kamolini so‘rab xayrli duolar qilishdi.
Shundan so‘ng Madina shahridagi eng so‘nggi guruhlar ziyoratchilari ham Makka shahri tomon yo‘lga chiqdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati