frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Juma — mo‘min qalbining bayrami

22.05.2026   24707   3 min.
Juma — mo‘min qalbining bayrami

Juma kuni — musulmonlar uchun eng ulug‘ va muborak kundir. Bu kun nafaqat haftaning sayyidi, balki gunohlar kechirilishi, duolar qabul qilinishi va qalblar nurga to‘lishi uchun berilgan ilohiy imkoniyatdir. Shu bois solih zotlar jumaga oddiy kundek emas, bayramdek tayyorgarlik ko‘rganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunining fazilati haqida bunday dedilar: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi — juma kunidir” (Imom Muslim rivoyati).

Jumaga tayyorgarlik g‘usl qilish, poklanish, xushbo‘ylik sepish va ertaroq masjidga borish bilan boshlanadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni junublik g‘usli kabi g‘usl qilsa, so‘ng birinchi soatda (masjidga) borsa, xuddi tuyani qurbon qilgandek bo‘ladi. Ikkinchi soatda borgan kishi qoramol qurbon qilgandek, uchinchi soatda borgan kishi shoxdor qo‘chqor qurbon qilgandek, to‘rtinchi soatda borgan kishi tovuq sadaqa qilgandek, beshinchi soatda borgan kishi tuxum sadaqa qilgandek bo‘ladi. Imom xutbaga chiqqach esa, farishtalar zikr tinglash uchun hozir bo‘ladilar” (Imom Molik rivoyati).

Qanday buyuk mukofot! Masjidga ertaroq qadam tashlash oddiy amal emas, balki qurbonlik savobiga teng amal ekani bildirilmoqda.

Juma kuni mo‘min kishi tashqi ko‘rinishini ham go‘zal qilishi sunnatdir. Chunki musulmon nafaqat qalbi, balki zohiri bilan ham pok bo‘lishi kerak. Hazrati Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni g‘usl qilib, qo‘lidan kelganicha poklansa, xushbo‘ylik surtsa, keyin masjidga borib ikki kishining orasini ajratmasa va unga farz qilingan namozni o‘qisa hamda imom xutba qilayotganda jim tursa, ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis juma kunining naqadar rahmat eshiklari ochiq kun ekanini ko‘rsatadi.

Afsuski, bugun ba’zi insonlar jumaga shoshilib, oxirgi daqiqalarda yetib kelishadi. Holbuki, avvalgi musulmonlar jumaga tongdan tayyorgarlik ko‘rishar, masjidga erta borib Qur’on tilovat qilishar, zikr va duo bilan mashg‘ul bo‘lishar edi.

Juma — qalbni dunyo g‘uboridan tozalaydigan kun. Unda mo‘min kishi hayotiga nazar tashlaydi, gunohlari uchun istig‘for aytadi va Robbisiga yaqinlashadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.” (Juma surasi, 9-oyat)

Bu oyat mo‘min inson uchun juma namozi har qanday dunyo ishlaridan ustun ekanini anglatadi.

Juma — faqat namoz kuni emas. U — birodarlik kuni, rahmat kuni, duolar ijobat bo‘ladigan muborak fursatdir. Kim bu kunni qadrlasa, qalbi nurga to‘ladi. Kim uni behuda o‘tkazsa, katta fazilatdan mahrum bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni juma kunini ehtirom qiladigan, unga munosib tayyorgarlik ko‘radigan va uning barakotidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.

Azimxon Ziyovuddinov,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Kamolxon eshon buva” jome masjid imom-xatibi 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mirzaobodda 110 dan ortiq oilaning holidan xabar olindi

17.09.2026   15989   1 min.
Mirzaobodda 110 dan ortiq oilaning holidan xabar olindi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.


Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.


Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.


Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi: 
 

  • Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
     

  • Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
     

  • Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi. 


O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Mirzaobodda 110 dan ortiq oilaning holidan xabar olindi Mirzaobodda 110 dan ortiq oilaning holidan xabar olindi
O'zbekiston yangiliklari