Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Inson qadrini ulug‘lash va saxovatning yuksak namunasi

22.05.2026   26775   4 min.
Inson qadrini ulug‘lash va saxovatning yuksak namunasi

Munosabat

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va tub yangilanishlar zamirida ezgu maqsad — insonni ulug‘lash, uning dardu tashvishlari bilan yashash g‘oyasi mujassamdir. Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohaga, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan yuksak e’tibor hamda “Inson qadri uchun” tamoyili xalqimiz qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni, Yaratganning bergan ne’matlariga shukronalik hissini yanada mustahkamlamoqda.

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Oliyjanob, xalqchil va savobli ushbu tamoyillar, ayniqsa, imon-e’tiqod, ezgulik fazilatlari yanada jo‘sh uradigan muborak kunlarda, qutlug‘ Qurbon hayiti ayyomi arafasida o‘zgacha bir tarovat va amaliy ifoda kasb etmoqda.

Davlatimiz Rahbari tomonidan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan yangi takliflar taqdimoti bilan tanishilib, 690 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ma’qullaganlari butun yurtdoshlarimizni yanada to‘lqinlantirib yubordi. Davlat kuchi va e’tibori bilan ajratilgan bu katta mablag‘ning aynan "Vaqf" fondi hisobidan yo‘naltirilishi bizning zimmamizga ulkan, sharafli mas’uliyat yuklaydi. Bu ishonch fondning har bir xodimidan har qachongidan ham ko‘proq g‘ayrat, fidoyilik talab etadi.

Xalqning omonati bo‘lgan bu mablag‘larni Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, to‘liq shaffof, adolatli va manzilli tarzda o‘z egalariga yetkazish uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz. Zero, bu xayriya ishlari shunchaki ko‘rsatkichlar uchun emas. Ularning zamirida minglab xonadonlarga qayta kirib keladigan umid va quvonch mujassam.

Mazkur mablag‘lar hisobidan og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Bu degani, 10 ming oilaning qayta baxtga erishishi, onalar ko‘zidagi yoshning tinishidir. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari, shu jumladan, kamida 350 nafar og‘ir bemorda jigar va buyrak ko‘chirish amaliyoti xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Ko‘rsatilayotgan bu saxovatlar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan qahramonlarimizning 8 ming nafardan ziyod farzandlari alohida e’tiborga olinib, ularning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib berilishi farzandlarimiz bizga omonat, degan ulug‘ g‘oyaning amaliy isbotidir.

Shu bilan birga, davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozilishi, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarining o‘tkazilishi bayram shukuhini har bir xonadonga olib kiradi.

Muqaddas islom dinida insonlarga yaxshilik qilish bilan birga, Allohning uylarini obod etish, o‘tganlarning qabrlarini ziyoratgohga aylantirish eng ulug‘ savobli amallardan sanaladi. Davlat rahbari tomonidan ko‘rsatilgan bu galgi g‘amxo‘rlik doirasida diniy-ma’rifiy soha alohida e’tiborda tutilib, joylardagi 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va ta’mirlanishi, shuningdek, qabristonlar obod etilishi ushbu ezgu ishlarning nihoyatda go‘zal va uzviy davomi bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu tadbirlarning shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini alohida ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdilar.

Hadisi sharifda: "Kim bir mo‘minning dunyoviy tashvishlaridan birini aritsa, Alloh taolo uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilinadi. Bugun yurtimizda davlat darajasida olib borilayotgan bu tizimli saxovat va muruvvat tadbirlari ayni shu ilohiy da’vatning jamiyatdagi jonli namunasidir. Tinchlik va osoyishtalik hukm surgan yurtga mana shunday baraka va xayr-saxovat yarashadi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi jamoasi mana shunday ulug‘vor jarayonlarda xalqimizga xizmat qilish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, zimmadagi mas’uliyatli vazifani yuksak g‘ayrat va vijdon amri bilan ado etishga kirishgan. Zero, inson qadri ulug‘langan yurtda hamisha baraka, tinchlik va taraqqiyot bardavom bo‘ladi. Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, muborak ayyomlar qutlug‘ bo‘lsin!

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,

"Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   2886   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari