Muborak Qurbon hayiti ayyomi arafasida Namangan shahridagi “Mangulik” qabristonida keng ko‘lamli obodonlashtirish hashari tashkil etildi.
Savobli tadbirda Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ahadxon Mirzayev, viloyat imom-xatiblari, nuroniylar va mahalla faollari faol ishtirok etdilar.
Hashar davomida qabriston hududi chiqindilardan tozalanib, ariq-zovurlar ochildi, daraxtlar oqlandi hamda yo‘laklar tartibga keltirildi.
Shuningdek, bayram kunlari tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Yoshlar va nuroniylarning hamjihatligida o‘tgan mazkur xayrli tadbir yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Muborak Qurbon hayiti arafasida Qashqadaryo viloyatida aholini ijtimoiy va tibbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan bolalarning jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik xastaliklari bor bemorlarni davolash, shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘z egalariga topshirilmoqda.
Mazkur savobli ishlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar ishtirok etib, bemorlar xonadoniga tashrif buyurdilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand fuqarolarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning go‘zal namunasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati