Muborak Qurbon hayiti arafasida Toshkent shahrida saxovat va ehson tadbirlari davom etmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga bayram shukuhi ulashilmoqda.
Xususan, bugun Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan sayyor tadbirlar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Abdulloh domla Yuldashev va Ergash domla Rustamov hamda Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tumanda istiqomat qilayotgan 100 dan ortiq ehtiyojmand xonadon holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmalari bayram sovg‘asi sifatida topshirildi.
Mazkur ezgu tashabbus Qurbon hayiti kunlarida aholi orasida mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
MuslimShosh.uz
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati