Muborak Qurbon hayiti arafasida Qashqadaryo viloyatida aholini ijtimoiy va tibbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan bolalarning jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik xastaliklari bor bemorlarni davolash, shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘z egalariga topshirilmoqda.
Mazkur savobli ishlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar ishtirok etib, bemorlar xonadoniga tashrif buyurdilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand fuqarolarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning go‘zal namunasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” doirasida “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” shiori ostida sayyor ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda aholiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati yetkazilib, "Qirqvolida" mahallasi va "Mirzaobod" qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi samimiy suhbatlar o‘tkazilib, tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 55 ta ehtiyojmand oilaga moddiy xayriya yordamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati