Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2026   |   22 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:57
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
07 Iyul, 2026, 22 Muharram, 1448

Nega iymon keltirmaydilar?

25.05.2026   20912   2 min.
Nega iymon keltirmaydilar?

Shuncha mo‘jizalarni ko‘rib ham ba’zi odamlar iymon keltirmaydilar. Ayrimlarga dinga bo‘yin egish yoqmaydi. Hamma narsa o‘zining xohishicha bo‘lishini istaydi. Alloh taolo o‘rnatgan adolat hammaga ham yoqavermaydi.

Iymon keltirmaydiganlar boshqalarning haqqini tortib olish evaziga bo‘lsa-da, huzur qilib qolishni ma’qul ko‘radilar. Buning uchun esa o‘zlariga mos qonun-qoidalar o‘ylab topadilar. O‘zlariga barcha imtiyozlarni berib, qolganlardan tortib olishga harakat qiladilar. Buning uchun esa avvalo Allohning borligini inkor etishlari kerak bo‘ladi.

Ayrimlar ne’matlarga ko‘milib yashasalar ham ne’mat bergan Zotni unutadilar. Mol-dunyolari qayerdan, qanday keldi, bu haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Nafs balosi ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygan bo‘ladi. Ular o‘zlariga ato qilingan ne’matlarning shukrini ado qilmaydilar, buni inkor etadilar.

Hamma narsaga o‘z kuchlari bilan erishganlarini, shuning uchun ham xohlagancha sarf qilishlarini aytib, aslida haqiqiy in’om qiluvchi bo‘lgan Allohni inkor etadilar. Ular moddiyatchi bo‘lsalar ham ularga aytadigan gapimiz bor: sizlar hech bir narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi deysizlar. Qo‘llaringizdagi mol-dunyoni o‘zingiz qo‘lga kiritganingizni aytasizlar. O‘z-o‘zidan mol-dunyo paydo bo‘lmaydi deysizlar. Lekin nega shu e’tiqodingiz butun borliqqa kelganda oqsaydi? Nega butun borliq ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emasligini anglamaysizlar? Aksincha borliqni shunchaki tasodifan paydo bo‘lib qolgan deysizlar.

Bunday kimsalar boshlang‘ich moddadan butun olam yaralgan va rivojlangan deydilar. Biroq o‘sha moddani kim yaratganini, qaysi kuch uni harakatga keltirganini o‘ylab ham ko‘rmaydilar.

Undaylar ko‘z o‘ngida ilohiy mo‘jiza sodir bo‘lsa ham iymon keltirmaydilar. Hatto g‘arb mamlakatlarida bugungi kunda ilm-fan bilan dinni ajratish holatlari kuzatilmoqda. Buning sababi uzoq davom etgan nasroniylik dinining ilm-fan bilan chiqisha olmagani bo‘lishi ham mumkin.

Cherkovlar yaqin-yaqingacha odamlarni ilm-fandan to‘sib kelgan. Hatto yahudiylarning muqaddas kitobida kelishicha Odam alayhissalom yeb qo‘ygan meva ma’rifat daraxtining mevasi bo‘lib, undan yeyish jinoyat sanalgan. Ya’ni ilm-fan bilan shug‘ullanish ularda gunoh sanalgan. Biror ilmiy kashfiyot qilganga Allohning qahri keladi deb bilishgan.

Mana shunday qarashlar sabab cherkov va olimlar o‘rtasida uzoq davom etgan va hozirgacha ta’siri bilinib turadigan urushlar yuzaga kelgan. Yevropada o‘n beshinchi asrlarda yerning sharsimon ekanligini aytgan odamlarni tiriklayin yoqishga hukm qilingan.

Ammo, Islom dinida bunday emas. Odam alayhissalom jannatda shaytonning vasvasasi bilan taqiqlangan mevani yeb qo‘yganlar. Natijada u yerdan quvilganlar. Shayton hozir ham dunyo matohlarini insonlarga ziynatlab ko‘rsatadi.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dunyo tamaddunini yoritgan ma’rifat nuri

07.07.2026   738   3 min.
Dunyo tamaddunini yoritgan ma’rifat nuri

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi xalqaro I forumi  ishtirokchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Murojaatda ta’kidlanganidek, bugungi  murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.

Shu ma’noda, 2017 yilda BMTning yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.

Darhaqiqat, muqaddas islom dinimiz insoniyatni tinchlikka, mehr va oqibat, bag‘rikenglik, ijtimoiy adolat, bunyodkorlik va taraqqiyotga, ezgu amallarga undashi bilan g‘oyat qadrlidir.

Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish maqsadida mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi yirik ma’rifiy va ilmiy-ma’naviy maskanlar barpo etildi. Bugungi kunda mazkur majmualar nafaqat milliy ma’naviy hayotimizning muhim markazlari, balki xalqaro ilmiy hamkorlik, tadqiqot va ma’rifat almashinuvi uchun muhim platforma sifatida shakllanib bormoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

“I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm–ma’rifat yo‘li”ning asosiy maqsadi – islom sivilizatsiyasining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviy taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdek maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Forum doirasida o‘ndan ortiq yalpi majlislar tashkil etilib, mavzuga doir dolzarb masalalar keng va atroflicha tahlil etilib, galdagi vazifalar belgilab olinmoqda.

                                                                  Nazokat Usmonova,

                                                              Asliddin Alijonov (surat),O‘zA

O'zbekiston yangiliklari