Qurbon hayiti munosabati bilan Buxoro viloyatida Ko‘zi ojizlar jamiyatining 20 nafar a’zosiga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya to‘plamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda hamyurtlarimizga bayram tabriklari va ezgu tilaklar bildirildi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun fuqarolar minnatdorlik izhor etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun duolar qildilar.
Mazkur xayrli tashabbus Qurbon hayitining insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak diniy-insoniy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Yurtimizda xotin-qizlar o‘rtasida "Ayollar sport olimpiadasi" sport musobaqalarining respublika bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida joriy yilning 15 iyun kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Olimpiya shaharchasida "Ayollar sport olimpiadasi" musobaqalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli sport anjumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan musobaqalarning hududiy bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli va mahoratli ayollar jamoalari ishtirok etdilar.
Dasturga muvofiq musobaqalarining tantanali ochilish marosimi oldidan bo‘lib o‘tgan ommaviy ertalabki badantarbiya mashqlari hamda "Besh ming qadam" yurish marafonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan ayol-qizlar ham ishtirok etdilar.
Mazkur "Ayollar sport olimpiadasi" sport musobaqalari xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollik darajasini oshirish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.