Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganida Hasan ibn Alini o‘pdilar. Shunda Aqra’:
"Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q", dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so‘ng:
"Rahm qilmaganga rahm qilinmas", dedilar (Imom Buxoriy, imom Abu Dovud, imom Termiziy rivoyati).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti