Saudiya Arabistonining rasmiy statistika idorasi (General Authority for Statistics) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi Haj mavsumida butun dunyodan jami 1 million 707 ming 301 nafar ziyoratchi haj amalini ado etdi. Ularning 1 million 546 ming 655 nafari xorijdan kelgan mehmonlar bo‘lsa, 160 ming 646 nafarini Saudiya Arabistoni fuqarolari va rezidentlari tashkil qildi.
Muborak ibodatni ado etganlarning 893 ming 396 nafari erkaklar, 813 ming 905 nafari esa ayollardir.
Xorijlik ziyoratchilarning asosiy qismi, ya’ni 1 million 485 ming 729 nafari muqaddas zaminga samolyotda yetib kelgan. Shuningdek, 54 ming 429 nafar ziyoratchi avtomobil yo‘llari, 6 ming 497 nafari esa dengiz orqali borgan.
Millionlab insonlar bir vaqtning o‘zida yig‘iladigan bunday ulkan tadbirni boshqarish dunyodagi eng katta tashkiliy jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu bois, Saudiya rasmiylari oxirgi yillarda Haj ziyoratini raqamli boshqaruv, xavfsizlik va logistika jihatidan yanada tizimlashtirishga, ziyoratchilarga maksimal qulayliklar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarimizning ziyoratlarini qabul aylab, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini nasib qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zan birgina noto‘g‘ri qadam insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Afsuski, shunday xatolar borki, ularning og‘ir oqibatlari nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlariga ham ta’sir qiladi. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biri bo‘lib, u insonni jismonan va ma’nan yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi.
Bugun dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu illat sabab minglab insonlar o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda, yoshlarning orzu va maqsadlari barbod bo‘lmoqda. Bir qarashda shaxsiy muammodek ko‘ringan giyohvandlik aslida butun jamiyatning dardi hisoblanadi.
Dinimiz Islom inson hayoti, sog‘lig‘i va aqlini muhofaza qilishga alohida ahamiyat qaratadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni halokatga olib boruvchi ishlardan qaytargan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa har qanday mast qiluvchi narsa man etilganini ta’kidlaganlar. Zero, aql insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi har qanday vosita insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.
Giyohvandlikning eng og‘ir zarbasi inson salomatligiga tushadi. Bu illat asab tizimini izdan chiqaradi, ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan inson mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi, o‘zining oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatini anglashdan uzoqlasha boshlaydi.
Biroq masalaning yanada xavotirli tomoni shundaki, giyohvandlik faqat bir insonning emas, butun oilaning fojiasiga aylanadi. Ota-onalar farzand dog‘ida qolishi, turmush o‘rtoqlari orasida mehr-oqibat so‘nishi, farzandlar e’tibor va tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagi ham xavf ostida qoladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar inson nasli va sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajak avlodning jismoniy va ruhiy kamolotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda giyohvandlik nafaqat inson hayotini, balki millat kelajagini ham tahdid ostiga qo‘yadi. Zero, sog‘lom avlod har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.
Bugungi kunda yoshlarni bu illatdan asrash har birimizning burchimizdir. Avvalo, oilada farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ota-ona farzandining do‘stlari, qiziqishlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganidan doimo xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik ham yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Yoshlar qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat, halol mehnatga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish giyohvandlikka qarshi eng samarali choralardan biridir. Chunki ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ildiz otishi oson kechadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, giyohvandlik inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir ijtimoiy illatdir. Uning oqibatlari bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi, balki butun millat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har birimiz bu baloga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, farzandlarimizni ogohlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashimiz zarur. Zero, sog‘lom avlod yurtning tayanchi, millatning kelajagi va Vatan taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Nurulloh MAHKAMOV,
Chust tumani bosh imom-xatibi.