Shu yilning 3 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Ko‘kaldosh» va «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi. Bilim yurti mudarrislari boshchiligida tashkil etilgan ushbu ma’rifiy sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ajdodlarimizning boy ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Sayohat doirasida markaz mutaxassislari tomonidan talabalar uchun maxsus mahorat darsi tashkil etilib, unda Islom sivilizatsiyasi rivoji, yurt allomalarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi va qadimiy qo‘lyozmalar bilan ishlash usullari haqida muhim ma’lumotlar berildi.
So‘ngra talabalar markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, zamonaviy interaktiv ko‘rgazmalar hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi ulug‘ zotlar hayotiga bag‘ishlangan bo‘limlarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar.
Bu kabi tadbirlar bo‘lajak diniy soha xodimlarini vatanparvarlik, ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati