Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bunday deydi:
So‘nggi yillarda “Ka’bani tavof qilishdan ko‘ra, kambag‘allarni tavof qiling”, “Qurbonlik uchun sarflanadigan mablag‘ni sadaqa qilish uni so‘yishdan yaxshiroq”, “Och insonning og‘zidagi bir luqma mingta masjid qurishdan afzal” kabi noto‘g‘ri tushunchalar keng tarqalmoqda.
Bu kabi chaqiriqlar Islom shiorlaridan bo‘lgan amallarni kamsitish va odamlarni ulardan qaytarishga qaratilgan harakatdir. Ehtimol, bunday fikrlarni ilgari surayotgan kishilar dinning asl mohiyati va uning ahkomlaridan yetarlicha xabardor emasdirlar.
Faqir, miskin va muhtoj insonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bo‘lgan, bugun ham bor. Ammo o‘tgan asrlar davomida ulamolardan yoki solih zotlardan hech kim bunday gaplarni aytmagan.
Nega:
– haftada ikki marta go‘sht sotib olmang, oyda bir marta olib, qolgan mablag‘ni kambag‘allarga bering, deyilmaydi?
Nega:
– sigaret chekmang, uning pulini muhtojlarga ehson qiling, deyilmaydi?
Nega:
– to‘y va marosimlarni ixchamlashtirib, ortiqcha xarajatlarni kambag‘allarga sarflang, deyilmaydi?
Nega:
– yozgi dam olish maskanlariga bormang, o‘sha mablag‘ni muhtojlarga ajrating, deyilmaydi?
Nega aynan ikkisi ham fazilatli va savobli bo‘lgan amallar o‘zaro taqqoslanadi?
Bunday da’volar ko‘pincha dinning qadriyatlariga putur yetkazishni maqsad qilgan kimsalar tomonidan o‘ylab topiladi. Eng achinarlisi esa, aksariyat hollarda bu kabi gaplarni aytayotganlarning o‘zlari muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishda faol emaslar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblar taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi