Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Allohning shiorlarini ulug‘lash - qalb taqvosi

03.06.2026   21567   1 min.
Allohning shiorlarini ulug‘lash - qalb taqvosi

Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bunday deydi:

So‘nggi yillarda “Ka’bani tavof qilishdan ko‘ra, kambag‘allarni tavof qiling”, “Qurbonlik uchun sarflanadigan mablag‘ni sadaqa qilish uni so‘yishdan yaxshiroq”, “Och insonning og‘zidagi bir luqma mingta masjid qurishdan afzal” kabi noto‘g‘ri tushunchalar keng tarqalmoqda.

Bu kabi chaqiriqlar Islom shiorlaridan bo‘lgan amallarni kamsitish va odamlarni ulardan qaytarishga qaratilgan harakatdir. Ehtimol, bunday fikrlarni ilgari surayotgan kishilar dinning asl mohiyati va uning ahkomlaridan yetarlicha xabardor emasdirlar.

Faqir, miskin va muhtoj insonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bo‘lgan, bugun ham bor. Ammo o‘tgan asrlar davomida ulamolardan yoki solih zotlardan hech kim bunday gaplarni aytmagan.

Nega:

– haftada ikki marta go‘sht sotib olmang, oyda bir marta olib, qolgan mablag‘ni kambag‘allarga bering, deyilmaydi?

Nega:

– sigaret chekmang, uning pulini muhtojlarga ehson qiling, deyilmaydi?

Nega:

– to‘y va marosimlarni ixchamlashtirib, ortiqcha xarajatlarni kambag‘allarga sarflang, deyilmaydi?

Nega:

– yozgi dam olish maskanlariga bormang, o‘sha mablag‘ni muhtojlarga ajrating, deyilmaydi?

Nega aynan ikkisi ham fazilatli va savobli bo‘lgan amallar o‘zaro taqqoslanadi?

Bunday da’volar ko‘pincha dinning qadriyatlariga putur yetkazishni maqsad qilgan kimsalar tomonidan o‘ylab topiladi. Eng achinarlisi esa, aksariyat hollarda bu kabi gaplarni aytayotganlarning o‘zlari muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishda faol emaslar.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblar taqvosidandir (Haj surasi, 32-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   47990   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari