Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.
Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].
«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.
Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».
Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].
Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.
Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.
«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.
Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.
Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.
Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.
Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.
Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.
Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.
Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.
Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.
Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.
Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar” deng» [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.
Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.
Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.
Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.
Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.
Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.
Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.
Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.
Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.
“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman”. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.
Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.
Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.
Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.
Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.
So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘lini birlashtirgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin xorijiy olimlar, siyosat, madaniyat va din arboblari islom sivilizatsiyasining asl mohiyatini butun dunyoga anglatishni maqsad qilgan.
Forumda so‘zga chiqqan Musulmonlar Jahon Ligasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasining eng yorqin ilm-ma’rifat o‘choqlaridan biri sifatida e’tirof etib, buyuk allomalar merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish insoniyatning umumiy kelajagi uchun strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, islom sivilizatsiyasining tarixiy markazlarini qayta anglash va ularning ilmiy merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish global ahamiyatga ega vazifaga aylanganini ta’kidladi.
Muhammad bin Abdulkarim al-Issa, Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi (Saudiya Arabistoni)
Avvalo, ushbu anjuman islom sivilizatsiyasining buyuk yodgorliklaridan biri bo‘lgan, musulmon merosining porloq sahifalari mujassam yurtda o‘tayotgani alohida ahamiyatga ega.
Bu zaminning islomiy merosi haqida uzoq to‘xtalib o‘tirmayman. Chunki u butun islom olamida yuksak e’tirof etilgan va tariximiz faxrlaridan biri sifatida tilga olinadi.O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng buyuk islom sivilizatsiyasi davlatlaridan biridir. Samarqand — Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi, islom me’morchiligi taraqqiyotida markaziy o‘rin tutgan shaharlardan biri hisoblanadi.
Buxoro esa islom tarixi sahifalarida eng buyuk ilm markazlaridan biri sifatida muhrlangan. Bu shahar ummatning eng ulug‘ allomalaridan, hadis ilmining amiri, Shayxul islom, hofizlar imomi, buyuk muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayhning muborak nomi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Islom sivilizatsiyasi ilm-ma’rifat va yuksak qadriyatlar asosida barpo etilgan. Shu bois u insoniyat tarixida ma’rifatparvarlikning eng yuksak namunalaridan biri bo‘ldi.
Boshqa xalqlar sivilizatsiya yo‘lini izlayotgan bir paytda musulmon ummati universitetlar barpo etdi, ilmlarni tarjima qildi va butun insoniyatga yuksak axloq fazilatlarini o‘rgatdi.
Islom sivilizatsiyasi tarix kitoblaridagi quruq sahifalar emas. U iymon ilm bilan uyg‘unlashganda tarix nur bilan yozilishi va uning asarlari dunyo turguncha abadiy yashashining yorqin isbotidir.
Bu sivilizatsiya insoniyatga faqat muhtasham me’moriy obidalarni emas, balki boy qonunchilik, teran tafakkur va oliy axloqiy qadriyatlarni ham meros qilib qoldirdi.
Biz yaxshi bilamiz va bundan mamnunmizki, O‘zbekiston xaritadagi oddiy davlat emas. U islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biridir.
Samarqanddan Buxorogacha, Registondan Imom Buxoriy ziyoratgohigacha bo‘lgan barcha tarixiy yodgorliklar shu haqiqatni namoyon etadiki, bu zamin insoniyat ilm-fani va ma’naviy ongi uchun yuksak ziyo maskanlarini barpo etgan buyuk ummatning merosidir.
Ilm bilan iymon o‘rtasidagi bog‘liqlik hech qachon so‘nmaydi, qolaversa, yo‘qolib ketmaydi ham. Biz ildizi pok, ta’siri buyuk va manfaati abadiy bo‘lgan sivilizatsiya — Islom sivilizatsiyasi haqida so‘z yuritmoqdamiz.
Har bir buyuk millatning sivilizatsion tarixi uning keng qamrovli sarlavhasidir.
Bugun ana shu buyuk merosni yodga olar ekanmiz, bizning mas’uliyatimiz faqat o‘tmish bilan faxrlanishdan iborat emas. Balki ilm va amal orqali, yuksak islomiy qadriyatlarga tayangan holda, sivilizatsiya ruhini bugungi hayotimizda qayta jonlantirishdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining islomiy, ilmiy va madaniy merosni qayta tiklash, uni asrab-avaylash hamda butun dunyoga tanitish borasidagi yuksak sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etamiz.
Bu borada muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining xizmatlari beqiyosdir. Alloh taolo u kishining sa’y-harakatlarini muborak qilsin va ular orqali el-yurtga manfaat ato etsin.
Shuningdek, O‘zbekistonning islom olami, ayniqsa, Islom olami uyushmasi bilan mustahkam aloqalarini ham yuksak baholaymiz. Bu hamkorlik Makkai Mukarramada joylashgan tashkilot bosh qarorgohi bilan muntazam davom etib kelmoqda.
Biz Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishini ham islom olamidagi eng yirik ilmiy va madaniy maskanlardan biri sifatida yuksak qadrlaymiz.
Shuningdek, Samarqand shahrida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilganini ham yuksak baholaymiz. Ayniqsa, ushbu markazda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini tadqiq etishga qaratilgan ilmiy ishlar alohida ahamiyatga egadir.
Alloh taolo ushbu ilm maskanlarida xizmat qilayotgan barcha fidoyilarga muvaffaqiyat ato etsin va ularning xizmatlarini ajru savob bilan mukofotlasin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ushbu muhim va ulug‘ ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelayotganlari uchun alohida duolarimizni bildiramiz.
Alloh taolodan ushbu anjumanni barcha ishtirokchilar uchun manfaatli qilishini, undan ko‘zlangan ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqishini so‘rayman.