Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.
Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].
«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.
Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».
Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].
Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.
Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.
«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.
Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.
Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.
Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.
Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.
Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.
Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.
Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.
Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.
Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.
Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar” deng» [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.
Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.
Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.
Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.
Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.
Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.
Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.
Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.
Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.
“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman”. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.
Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.
Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.
Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.
Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.
So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, og‘ir mashaqqatlar bilan dunyoga keltiradi va butun umrini uning kamoli uchun bag‘ishlaydi. Farzandga bo‘lgan bu muhabbat Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir.
Ammo ayol kishi o‘g‘lini uylantirgan kuni qaynonaga aylanadi. Shu kundan boshlab u farzandi hayotidagi eng muhim inson sifatidagi o‘rnini boshqa bir inson — kelini bilan baham ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Darhaqiqat, qaynona bo‘lish oson emas. Bu ayol hayotidagi muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lib, ko‘pincha uning ahamiyati yetarlicha e’tirof etilmaydi.
Har bir ayol yaxshi qaynona bo‘lishni istaydi. Biroq buni aytish oson, amal qilish esa ancha mushkul. Chunki ona bilan o‘g‘lining turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi munosabat juda nozik va ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Musulmon inson hayotdagi har bir o‘zgarishga tayyor turishga harakat qilishi lozim. Qaynonalik mas’uliyati ham bundan mustasno emas.
1. Kelin sizning qizingiz emas
Har bir qaynona avvalo bir haqiqatni qabul qilishi kerak: o‘g‘lingizning ayoli sizning qizingiz emas. U boshqa oilada, boshqa muhitda tarbiya topgan. Shuning uchun undan o‘z qizlaringizdan kutgan narsalarni kutmang.
U bilan qo‘pol yoki haddan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri muomala qilmang. Chunki u sizning yaxshi niyatingizni qizlaringiz kabi darhol tushunmasligi mumkin.
2. Keliningizga qizingizga qanday munosabat qilinishini istasangiz, shunday munosabatda bo‘ling
Keliningiz ham bir oilaning ardoqli farzandi. Qizingizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasangiz, unga ham shunday munosabatda bo‘ling.
Uning har bir xatosini kuzatib yurmang. Har bir kamchiligi uchun hukm qilishga shoshilmang. Agar biror xato qilsa yoki kamchilikka yo‘l qo‘ysa, qizingizni kechirganingiz kabi kechirishga harakat qiling.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi” (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Hamdun Qassor rahmatullohi alayhning quyidagi hikmatli so‘zlarini ham yodda tuting: “Agar do‘stingizdan biror xato o‘tsa, unga yetmishta uzr toping. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, aybni o‘zingizdan qidiring”.
3. Ayollar tug‘ma uy bekasi emasligini unutmang
O‘zingizning yosh kelin bo‘lgan davringizni eslang. O‘sha paytdagi tajribangiz bilan bugungi mahoratingizni taqqoslang.
Yaxshi uy bekasi bo‘lish bir kunda shakllanmaydi. U vaqt, sabr va tajriba orqali qo‘lga kiritiladigan fazilatdir.
4. O‘g‘lingizga tegishli har bir narsa sizga tegishli emas
Oila qurgan o‘g‘lingizning va uning turmush o‘rtog‘ining mol-mulki ularning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularning hayotiga va shaxsiy qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimdir.
5. O‘g‘lingiz o‘z mas’uliyatlarini anglashi kerak
Ona sifatida farzandlaringiz ustida katta haq-huquqlarga egasiz. Farzandingizni bu haq-huquqlarni to‘g‘ri anglagan holda tarbiyalang. Ayniqsa, o‘g‘lingizga ayolining haqlarini ham o‘rgating. Toki u onasining haqlarini ado qilish bahonasida turmush o‘rtog‘ining huquqlarini poymol qilmasin.
6. Dushman emas, ittifoqchi bo‘ling
O‘g‘lingiz va nabiralaringizga g‘amxo‘rlik qilish yo‘lida keliningiz bilan ahil bo‘lishingiz lozim. Sizlar bir-biringizga qarshi emas, balki bir maqsad yo‘lida harakat qilayotgan ittifoqchilarsiz.
Ishonch va samimiyatga asoslangan munosabatlarni shakllantiring. Keliningiz uning manfaatlarini o‘ylayotganingizni his qilsin.
Uning yutuqlaridan o‘zingiznikidek quvoning. Zero, uning baxti va muvaffaqiyati butun oilaning baxtidir.
Eng muhimi, keliningizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsating. Unga yaxshi so‘zlar ayting. Chunki shirin so‘z va samimiy munosabat inson qalbida muhabbat uyg‘otadi.
Unutmang: siz ham bir vaqtlar qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan kelin bo‘lgansiz.
Yurtimizdagi har bir oila baxtiyor oila bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD