Bir tanga otamning stolida o‘nlab yillar davomida turar edi. Unda Qur’oni karimdagi ushbu oyat bitilgandi:
﴿وَٱللَّهُ خَيْرُ ٱلرَّٰزِقِينَ﴾
“Va Alloh eng yaxshi rizq beruvchidir” (Juma surasi, 11-oyat).
Otam bu oyatning ma’nosiga qattiq ishonardi. Rizq haqidagi e’tiqodi har kuni takrorlaydigan ushbu duosida ham mujassam edi:
اللهم ارزقني وارزق مني
“Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil!”.
Bu duo qalbimga chuqur o‘rnashib qolgan. Otam uni menga yoshligimdan o‘rgatgan va har doim bunday derdi:
— O‘g‘lim, doimo: “Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil”, deb duo qil. Alloh seni rizqlantirsin va sen orqali boshqalarni ham rizqlantirsin.
Otamning bu uzluksiz duosi ijobat bo‘lgan edi. Chunki Alloh taolo unga kutmagan joylardan rizq ato etardi. U esa bu ne’matni faqat o‘zi uchun emas, balki boshqalarga manfaat yetkazish vositasi deb bilardi.
Otam doimo yaxshilik oqimi bo‘lishga intilar, ne’matlarni o‘zida to‘plab qo‘yishni istamasdi.
Bir kuni u farzandlaridan biri uchun yer maydoni sotib olmoqchi bo‘ldi. O‘ziga ma’qul bo‘lgan yerni tanlab, vositachiga:
— Bu yerni oldim, — dedi.
Vositachi dastlabki kelishuvni qayd qilish uchun daftarini chiqarganida, otam:
— Hojati yo‘q. Bir hafta ichida notarius huzurida shartnomani rasmiylashtiramiz, — dedi.
Oradan bir-ikki kun o‘tib, unga avvalgisidan ham yaxshiroq va uyga yaqinroq bo‘lgan boshqa yer taklif qilishdi. Shunda otam ikkilanib qoldi. Chunki avvalgi yerni sotib olishga so‘z bergan edi.
Uning oldida ikki yo‘l bor edi: vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rab, yangi yerni olish yoki bergan so‘zida turish.
Ko‘pchilik ehtimol birinchi yo‘lni tanlardi. Axir kelishuv hali og‘zaki edi, rasmiy shartnoma tuzilmagan, oradan ikki kungina o‘tgan edi.
Lekin otam boshqacha qaror qildi. U bergan so‘ziga vafo qilib, birinchi yer maydonini sotib oldi.
Bu voqeani eshitganimda otamdan so‘radim:
— Ota, vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rasangiz bo‘lmasmidi? Axir hech kim zarar ko‘rmasdi-ku.
U javob berdi:
— Yo‘q, bo‘lmaydi. Men insonga bergan va’damni buzgan bo‘lardim.
Men:
— Lekin bu unchalik katta masala emas-ku, — dedim.
Shunda u menga hayotim davomida unutmaydigan bir gapni aytdi:
— O‘g‘lim, insonning qadri uning so‘zi bilan o‘lchanadi. Doimo so‘zingning qadriga yet. So‘zi yengil odamlardan bo‘lma!
Otam, Alloh rahmat qilsin, og‘zaki aytilgan so‘zni ham imzolangan shartnoma kabi majburiyat deb bilardi. Uning nazdida so‘z — shartnoma edi.
Oradan vaqt o‘tdi. Keyinchalik otam sotib olgan o‘sha yer maydoni uchun ancha yuqori narx taklif qilindi. U yerni yaxshi foyda bilan sotdi va yana kutmagan joydan rizq eshiklari ochildi.
Bu voqeadan katta saboq oldim.
Mening ishonchim shundaki, inson hatto og‘zaki bo‘lsa ham va’dasiga vafo qilishga harakat qilsa va boshqalarning rizqiga sabab bo‘lishni istasa, Alloh taolo unga kutmagan joylardan baraka va rizq ato etadi.
“Kutmagan joydan” degani shuki, inson qancha reja tuzmasin, hisob-kitob qilmasin, rizq ba’zan umuman o‘ylamagan tomondan keladi. Go‘yo bu yaxshilikka berilgan ilohiy mukofotdek.
Qur’oni karimda marhamat qilinganidek: “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”.
Otam endi oramizda yo‘q. Ammo uning hayoti, so‘zga vafosi va insonlarga qilgan yaxshiliklari hamon qalbimizda yashaydi.
U haqida qancha she’r yozmay, qancha gapirmay, uning haqiqiy qadrini to‘liq ifoda etib bo‘lmaydi.
Uning vafotidan keyin ko‘z yosh to‘kishdan ko‘ra, hayotidan ibrat olish muhimroq. Chunki insonni abadiy yashatadigan narsa – uning ortidan qolgan yaxshi nomi va ezgu amallaridir.
Davron NURMUHAMMAD
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati