Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.
U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.
Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.
Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.
Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.
Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:
— O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.
Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:
“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.
Biz uchun saboq
Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.
Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i
Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.
Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.
Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.
“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati
Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.
Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?
Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:
O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!
Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.
Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston bank-moliya sohasi vakillari Malayziyaning Islom moliyasi bo‘yicha shariat maslahatchilari assotsiatsiyasi (ASAS) tomonidan tashkil etilgan “Islomiy bank darchasi” mavzusidagi o‘quv-amaliy dasturida ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Dasturning ilk bitiruvchilariga xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev davlat rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, elchi joriy yilda sohani tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilingani islom moliyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lganini qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekiston uchun Malayziya tajribasining uchta ustuvor yo‘nalishi alohida ta’kidlandi. Birinchidan, bu – qo‘shaloq bank tizimi bo‘lib, unda an’anaviy va islomiy banklar yagona regulyator nazorati ostida parallel faoliyat yuritadi.
Ikkinchidan, markazlashgan shariat nazorati tizimi orqali banklar tomonidan o‘zaro zid fatvolar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uchinchidan, “Islomiy darcha” modeli tijorat banklarida yangi infratuzilmani tez va samarali shakllantirish imkonini beradi.
Malayziyaning yirik islomiy banklaridan biri – “Maybank Islamic Berhad” bosh direktori o‘rinbosari Mohd Ramazon Fitri O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
U O‘zbekiston bank tizimi vakillariga islomiy darchalarni tashkil etish, zarur moliyaviy infratuzilmani shakllantirish hamda audit jarayonlarini yo‘lga qo‘yishda amaliy va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, ASAS bosh ijrochi direktori Moxtar Abdulla mazkur o‘quv dasturi davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar islom moliyasi instrumentlari, shariat boshqaruvi va islomiy darchalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida bunday o‘quv dasturlari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda shariat tamoyillariga asoslangan zamonaviy bank xizmatlarini samarali joriy etish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati