Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Har kim qiyomat kuni odamlar o‘rtasida hukm chiqarilguncha sadaqasi soyasida bo‘ladi" deganlarini eshitdim».
Yaziyd: "Abul Xayr biror kunni ham sadaqasiz o‘tkazmas edi. Hech bo‘lmasa, bir burda qotgan non yoki bir dona piyoz bo‘lsa ham", dedi.
Qiyomatning dahshatli jaziramasida hamma soya izlab zor yurgan paytda bandaning boshiga bu dunyoda qilgan sadaqalari soyabon bo‘lib turadi.
Kim oxiratdagi soyasi quyuq bo‘lishini, oxiratning kuydiruvchi issig‘idan soyada jon saqlashni istasa, ko‘proq sadaqa qilishi kerak.
Abul Xayr roziyallohu anhu mana shu hadisi sharifni eshitib qolgan, odamlarga rivoyat qilgan, uning ma’nosini o‘ziga to‘liq singdirgan, yaxshi bilgan.
Shuning uchun Allohning bergan kuni sadaqa berib yurgan. Juda hech narsa topa olmay qolsa, bir dona piyozni bo‘lsa ham sadaqa qilib, shu hadisga amal qilgan, qiyomatdagi soyasini ko‘paytirgan ekan.
Alloh taolo ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarning ehsonlarini dargohida qabul qilsin, mol-u jonlariga baraka, oilalariga tinchlik va xotirjamlik ato etsin. Yurtimizda bunday xayrli amallar bardavom bo‘lib, yetim bolalarning yuzidagi quvonch va tabassum hech qachon arimasin.
Vaqf.uz sayti orqali o‘zingiz xohlagan yo‘nalishga ehson qilishingiz mumkin!