Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Har kim qiyomat kuni odamlar o‘rtasida hukm chiqarilguncha sadaqasi soyasida bo‘ladi" deganlarini eshitdim».
Yaziyd: "Abul Xayr biror kunni ham sadaqasiz o‘tkazmas edi. Hech bo‘lmasa, bir burda qotgan non yoki bir dona piyoz bo‘lsa ham", dedi.
Qiyomatning dahshatli jaziramasida hamma soya izlab zor yurgan paytda bandaning boshiga bu dunyoda qilgan sadaqalari soyabon bo‘lib turadi.
Kim oxiratdagi soyasi quyuq bo‘lishini, oxiratning kuydiruvchi issig‘idan soyada jon saqlashni istasa, ko‘proq sadaqa qilishi kerak.
Abul Xayr roziyallohu anhu mana shu hadisi sharifni eshitib qolgan, odamlarga rivoyat qilgan, uning ma’nosini o‘ziga to‘liq singdirgan, yaxshi bilgan.
Shuning uchun Allohning bergan kuni sadaqa berib yurgan. Juda hech narsa topa olmay qolsa, bir dona piyozni bo‘lsa ham sadaqa qilib, shu hadisga amal qilgan, qiyomatdagi soyasini ko‘paytirgan ekan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV