Muborak Haj amallarini sog‘-salomat ado etgan farg‘onalik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Vatanga qaytib keldi. Hojilarni Farg‘ona xalqaro aeroportida viloyat mutasaddilari, diniy soha vakillari hamda ziyoratchilarning yaqinlari tantanali ravishda kutib oldi.
Mazkur marosimda davlatimiz rahbari tomonidan yurtdoshlarimizning muqaddas amallarni xotirjam va munosib ado etishlari uchun yaratilayotgan yuksak shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.
Ziyoratchilar Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida bo‘lib, Haj ibodatlarini to‘liq ado etganliklarini, muborak qadamjolarda turib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda el-yurt ravnaqini so‘rab xayrli duolar qilganliklarini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona viloyatidan muqaddas safarga yo‘l olgan ziyoratchilarning keyingi guruhlarini kutib olish ishlari reja asosida joriy yilning 13 iyuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Termiz davlat universiteti talabalari ishtirokida markaz faoliyati va so‘nggi yillarda chop etilgan nashrlarga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda universitetning Xorijiy filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Termizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi, markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va yangi nashr etilgan kitoblarning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, qatnashchilar markaz kutubxonasida saqlanayotgan noyob manbalar, qo‘lyozmalar, ilmiy adabiyotlar hamda so‘nggi yillarda chop etilgan yangi asarlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir yakunida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati