Bismillahir Rohmanir Rohiym
Otamning xotira qutisini ochganimda, u menga 22 yil avval bergan bir konvertni topdim.
Taxminan 2004-yillarda, “Yalla” dasturi efirga uzatilayotgan paytlarda biz yosh edik. Arab dunyosining taraqqiy etishini, yanada yaxshi tomonga o‘zgarishini orzu qilardik. Otam bu dastur epizodlarini muntazam tomosha qilar, hatto ularni videolentalarga yozib borardi.
Bir kuni dastur epizodlaridan birini tomosha qilganidan so‘ng, ikki sahifali maktubni konvertda menga topshirdi. Bugun o‘sha maktubning ayrim qismlarini sizga o‘qib bermoqchiman. Shoyadki, otamning ovozi uni yozganidan 22 yil o‘tib ham insonlarga yetib borsin.
Bu so‘zlar yoshlar va ularni tinglaydigan, kuzatadigan kishilar uchun yozilgan edi.
Otam bunday yozgan:
“Ko‘plab insonlar Islom haqida savol beradilar: “Nega inson yaratildi? Din nima uchun mavjud? Insoniyat dinga xizmat qilishi uchunmi yoki din insoniyatga xizmat qilishi uchunmi?”.
Menimcha, din insoniyatning saodati uchun yuborilgan. Dinning barcha hukmlari, ibodat va ko‘rsatmalari bitta maqsadga xizmat qiladi — insonning isloh bo‘lishi va kamol topishi.
Insonning o‘zi, oilasi, mahallasi, shahri, davlati va oxiratdagi holati yaxshilanishi – dinning asl maqsadi.
Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilishni O‘ziga ibodat qilish bilan yonma-yon zikr qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ota-onaga yaxshilik qilishni eng savobli amallardan biri sifatida ta’kidlaganlar.
Qiziqki, ayrim kishilar namozga juda e’tiborli bo‘lsalar-da, ota-onalariga beparvo bo‘ladilar. Boshqalari esa ota-onaga xizmat qilishga harakat qiladilar-u, ammo namozga sustkashlik qiladilar. Holbuki, haqiqiy musulmon ikkisini ham birdek qadrlashi kerak.
Inson bilgan narsasiga amal qilishi kerak. Shundagina u haqiqiy hidoyatga erishadi.
Alloh barcha musulmonlarni hidoyat qilsin, O‘zining roziligi va jannatiga yetaklasin. Hamd olamlar Parvardigori Allohgadir”.
Maktub shu so‘zlar bilan yakunlangan edi.
Xulosa qilib aytganda, otam dinning asosiy maqsadi insonni yaxshilash deb hisoblar edi. U inson kamoloti ikki asosga tayanishini ta’kidlagan:
Birinchisi – ibodatlar orqali shakllanadigan ma’naviy va ruhiy tarbiya.
Ikkinchisi – yaxshi amallar, go‘zal xulq va foydali ishlardan iborat amaliy tarbiya.
Bu ikki jihatdan biri bo‘lmasa, inson kamolotida nuqson paydo bo‘ladi. Insonning dunyo va oxiratdagi saodati esa aynan shu ikki asosning uyg‘unligiga bog‘liq.
Otam bu dunyoni tark etganiga yillar bo‘ldi. Ammo uning o‘rni hech narsa bilan to‘lmaydi. U haqda qancha she’r yozmayin, qancha xotiralar aytmayin, baribir otaning qadri beqiyosdir.
Ota-onaning qadriga ular hayotlik vaqtlarida yetish kerak. Ular vafot etganlaridan keyin qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar, afsuslar va armonlar foyda bermaydi.
Shuning uchun ota-onangiz hayot bo‘lsa, ularga xizmat qiling, duolarini oling va mehr ko‘rsating. Chunki ular ketganidan keyin ularning o‘rnini hech kim bosa olmaydi.
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati