Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘p ko‘rdim uzoq yillar tajribamda shuni,
Sabrda go‘zal xotima bo‘lar bir kuni.
Ushbu oyatlar haqida biroz tafakkur qilib ko‘ring. Alloh taolo aytadi:
﴿سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا﴾
"Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni beradir" (Taloq surasi, 7-oyat);
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اصْبِرُوا وَصَابِرُوا وَرَابِطُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ﴾
"Ey iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g‘olib keling. Kurashga bel bog‘lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki yutuqqa erishsangiz" (Oli Imron surasi, 200-oyat).
﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ﴾
«Va sabrlilarga bashorat ber. Ular musibat yetganda: "Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz", derlar» (Baqara surasi, 155-156-oyatlar).
﴿وَهُوَ الَّذِي يُنَزِّلُ الْغَيْثَ مِنْ بَعْدِ مَا قَنَطُوا وَيَنْشُرُ رَحْمَتَهُ وَهُوَ الْوَلِيُّ الْحَمِيدُ﴾
«U zot (odamlar) noumid bo‘lganlaridan keyin yomg‘irni nozil qilur va O‘z rahmatini taratur. U valiy va maqtalgan zotdir» (Shuro surasi, 28-oyat).
﴿قُلْ يَا عِبَادِ الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا رَبَّكُمْ لِلَّذِينَ أَحْسَنُوا فِي هَذِهِ الدُّنْيَا حَسَنَةٌ وَأَرْضُ اللَّهِ وَاسِعَةٌ إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ﴾
«Sen mening tarafimdan: "Ey iymon keltirgan bandalarim, Robbingizga taqvo qiling. Bu dunyoda go‘zal amal qilganlarga go‘zallik bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur", deb ayt» (Zumar surasi, 10-oyat).
Mana, Qur’on sizga xursand va xotirjam bo‘lishingiz, Robbingizga ishonishingizga chaqirmoqda. Shunday ekan, Allohning haq va’dasidan ko‘nglingiz yayrasin. Chunki Alloh bandalarini azoblash uchun emas, ularni sayqallash va odob berish uchun yaratgan. Alloh insonga uning ota-onasidan ham mehribon, U zotdan rahmati va rozi bo‘lishini so‘rang. Bu esa Unga shukr qilish, zikrida bardavom bo‘lish, Kitobini tilovat qilish va Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ergashish bilan bo‘ladi.
Shu’la: Yomon ish kelib qolishiga tayyor turavering, shunda uni tezda to‘g‘ri bo‘lishi sizga hadya bo‘ladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati