Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev xalqaro miqyosda o‘tkazilgan "Ilm-fan fidoyisi" ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning qalamiga mansub "G‘animat fursat" nomli ilmiy-ma’rifiy maqolasi yuqori baholanib, jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissalari uchun u kishi “Ilm-fan fidoyisi” esdalik ko‘krak nishoni bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundanda ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti qoshida faoliyat yuritayotgan Qarshi shahridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilari ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, institut prorektori Jahongir qori Ro‘ziyev, “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov hamda o‘quv kursi bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati, jamiyatda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni asrash har bir fuqaroning burchi ekani alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida, tinglovchilar o‘quv jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va malakali ustozlarning saboqlaridan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir davomida o‘quv kursi rivojiga munosib hissa qo‘shgan mas’ullar taqdirlanib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Yakunda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi hamda yoshlarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sa’y-harakatlari barakali bo‘lishini tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati