Alloh taolo insonga aql, ilm va texnologiya ne’matlarini ato etdi. Bu ne’matlardan yaxshilik yo‘lida foydalanish bandaning vazifasidir. Ammo bugungi kunda internet tarmoqlarida firibgarlik, aldov, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va boshqalarning molini nohaq yo‘l bilan qo‘lga kiritish kabi jinoyatlar kengayib bormoqda.
Qur’oni Karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq yo‘l bilan yemanglar" (Baqara surasi, 188-oyat).
Internet orqali bank kartalarini buzish, soxta havolalar yuborish, odamlarning pullarini firib bilan tortib olish ushbu oyatda qaytarilgan nohaq ishlar jumlasidandir.
Yana Alloh taolo deydi: "Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirishingizni buyuradi" (Niso surasi, 58-oyat).
Insonning shaxsiy ma’lumotlari, parollari va elektron hisoblari ham omonat hisoblanadi.
Ularni himoya qilish va boshqalarning ma’lumotlariga tajovuz qilmaslik musulmonning burchidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim bizlarni aldasa, bizdan emas" (Imom Muslim rivoyati).
Internetda yolg‘on reklama berish, soxta savdo qilish, odamlarning ishonchini suyiste’mol qilish ushbu hadis tahdidiga kiradi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda inson faqat qo‘li bilan emas, balki telefoni, kompyuteri va internet orqali ham zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy musulmon boshqalarning mol-mulki va ma’lumotlariga ziyon yetkazmaydi.
Rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davlat molidan foydalanishda shunchalik ehtiyotkor edilarki, shaxsiy ishlari uchun davlat chirog‘ini o‘chirib qo‘yar edilar. Bu voqea musulmon kishi o‘z haqqi bo‘lmagan narsaga hatto arzimas darajada ham ko‘z olmasligi lozimligini o‘rgatadi.
Aziz yoshlar! Internetda noma’lum havolalarga kirmang, parollaringizni boshqalarga bermang, soxta sovrinlar va tez boyish va’dalaridan ehtiyot bo‘ling. Texnologiyadan ilm, ma’rifat va halol rizq uchun foydalaning.
Alloh taolo barchamizni internet fitnalari, firibgarlik va jinoyatlardan asrasin. Texnologiyalarni insonlarga manfaat yetkazish yo‘lida ishlatuvchilardan qilsin.
Abdulloh Muhiddinov,
Namangan shahar “Yoqubboy hoji” jome masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan odam masalan, xufton namozini jahriy qilib o‘qiyotgan bo‘lsa va esidan chiqib maxfiy o‘qib yuborsa, uning hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kishining namozi to‘liq ado etilgan hisoblanadi. Chunki yolg‘iz o‘qiyotgan namozxon jahriy namozlarni xohlasa jahriy yoki maxfiy o‘qishi mumkin. Ammo jahriy o‘qishi jamoat bilan ado etishga o‘xshaganligi uchun afzal hisoblanadi. Maxfiy namozlarda esa u ham maxfiy o‘qiydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kunduz vaqtida o‘qiladigan namozlarda ovoz chiqarilmaydi, deganlar.
Yolg‘iz holatda namozni maxfiy o‘qiyotgan namozxon esida yo‘q jahriyga o‘tib ketib qolsa yoki jahriy o‘qiyotib maxfiyga o‘tib ketib qolsa, bu holatda sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Lekin qasddan qilsa, xatokor hisoblanadi.
Jahriy namozlarda qiroatni jahriy va maxfiy namozlarda maxfiy qilishning vojibligi jamoatga, ya’ni imomga tegishli masala hisoblanadi. Shuning uchun imom bu ishlarni unutib tark etsa, sajdai sahv qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi