Joriy yilning 8 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institut talabalari va bitiruvchilarining Qashqadaryo viloyatidagi diniy muassasalarda malakaviy amaliyot o‘tashlari uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ushbu memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov esa vohada faoliyat yuritayotgan diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblarning katta qismi Toshkent islom instituti bitiruvchilari ekanini qayd etib, ta’lim va tarbiya jarayonlarida oliy mahad ustozlari bilan izchil hamkorlik qilib kelinayotganini aytib o‘tdi.
Memorandum doirasida, shuningdek, hududlardagi o‘quv kurslari samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ulug‘ tobe’in Abdulloh ibn Sanobihiy rahimahulloh (asl ismlari Abdurahmon ibn Usayla)ning hayoti bugungi kun kishisi uchun – ayniqsa, vaqtning qadri, go‘zal xotima va maqsad sari intilish borasida ulkan ibrat maktabidir.
Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish, u zotdan bevosita hadis eshitish ishtiyoqida Yamandan Madinaga qarab yo‘lga chiqadi. Biroq, Madinaga yetib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari haqida xabar topadi. Nabiy alayhissalom besh kun oldin vafot etgan edilar. Abdurahmon ibn Usayla payg‘ambarimizni ko‘ra olmay, sahobalik sharafiga 5 kun kechikkani sababli erisha olmaydi...
Bugungi kunda biz “ertaga qilaman”, “keyinroq boshlayman” deb yillarni boy beryapmiz. Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar ichida yashayotgan hozirgi avlod uchun ushbu qissa – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xayrli ishlarni kechiktirmaslik uchun eng katta ogohlantirishdir.
Davron NURMUHAMMAD