Joriy yilning 8 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institut talabalari va bitiruvchilarining Qashqadaryo viloyatidagi diniy muassasalarda malakaviy amaliyot o‘tashlari uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ushbu memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov esa vohada faoliyat yuritayotgan diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblarning katta qismi Toshkent islom instituti bitiruvchilari ekanini qayd etib, ta’lim va tarbiya jarayonlarida oliy mahad ustozlari bilan izchil hamkorlik qilib kelinayotganini aytib o‘tdi.
Memorandum doirasida, shuningdek, hududlardagi o‘quv kurslari samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Haj amallarini nihoyasiga yetkazib, birin-ketin ona Vatanga qaytish tadorigini ko‘rayotgan Makka shahridagi yurtdoshlarimiz uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari, Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassislari, taniqli imom-xatiblar va ellikboshilar tomonidan har kuni ma’rifiy suhbatlar tashkil etilmoqda.
Ushbu uchrashuvlarda ziyoratchilarga hojilikning mazmun-mohiyati, ushbu ulug‘ maqomning fazilatlari hamda hojining odob-axloqi haqida atroflicha tushunchalar berilmoqda. Ayniqsa, hajdan keyin sharafli maqomga munosib hayot kechirish, taqvo, halollik va ezgu amallarni kundalik hayot mezoniga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti. Shuningdek, xalqimiz orasida uchrab turadigan ayrim noo‘rin urf-odatlar, xususan, ortiqcha isrofgarchilikka olib keluvchi «hoji to‘yi» kabi marosimlardan saqlanish lozimligi, hajning asl ruhi kamtarlik, shukronalik va xayr-saxovat ekanligi ta’kidlanmoqda.
Shu bilan birga, hojilarning jamiyatda ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari bo‘lishlari, mahallalarda ahillik va totuvlikni mustahkamlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga hissa qo‘shish, sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish va yurt taraqqiyotiga xizmat qilish kabi muhim vazifalari xususida ham zarur tavsiyalar berib o‘tilyapti.
Ma’rifiy suhbatlar yakunida Qur’oni karim xatmlari baxshida qilinib, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi hamda Davlatimiz Rahbari haqqiga xayrli duolar qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmat