Joriy yilning 8 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institut talabalari va bitiruvchilarining Qashqadaryo viloyatidagi diniy muassasalarda malakaviy amaliyot o‘tashlari uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ushbu memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov esa vohada faoliyat yuritayotgan diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblarning katta qismi Toshkent islom instituti bitiruvchilari ekanini qayd etib, ta’lim va tarbiya jarayonlarida oliy mahad ustozlari bilan izchil hamkorlik qilib kelinayotganini aytib o‘tdi.
Memorandum doirasida, shuningdek, hududlardagi o‘quv kurslari samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.
Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.
Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
Akbarshoh RASULOV