Joriy yilning 8 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institut talabalari va bitiruvchilarining Qashqadaryo viloyatidagi diniy muassasalarda malakaviy amaliyot o‘tashlari uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ushbu memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov esa vohada faoliyat yuritayotgan diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblarning katta qismi Toshkent islom instituti bitiruvchilari ekanini qayd etib, ta’lim va tarbiya jarayonlarida oliy mahad ustozlari bilan izchil hamkorlik qilib kelinayotganini aytib o‘tdi.
Memorandum doirasida, shuningdek, hududlardagi o‘quv kurslari samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"Jidda – Namangan" yo‘nalishi bo‘yicha "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining zamonaviy havo laynerlarida Namangan viloyatining Chortoq, Pop, Norin va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan bo‘lgan jami 490 nafar hoji eson-omon ona diyorimizga yetib keldi.
Muborak zaminda Haq taoloning ulug‘ farzini chiroyli ado etib, sog‘-salomat o‘z yurtiga qaytgan ziyoratchilar yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun cheksiz shukronalar aytishmoqda. Hojilar safar davomida ko‘rsatilgan yuksak darajadagi tashkilotchilik va yaratilgan qulay sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtimiz tinchligi, el-yurt farovonligi haqqiga xayrli duolar qilishdi.
Namangan viloyatiga haj ziyoratchilarini olib keluvchi navbatdagi reyslar izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati