Farzand — Alloh taoloning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. U nafaqat quvonch va baxt manbai, balki ota-ona zimmasidagi katta mas’uliyat hamdir. Farzand tarbiyasi Islom dinida ibodat darajasidagi muqaddas vazifa hisoblanadi. Chunki bugungi tarbiya ertangi jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Solih farzand — ota-onaga dunyoda ham sharaf, oxiratda ham najot topishiga sababidir.
Farzand tarbiyasida ota ona va ustozlar bir yoqadan bosh chiqarib farzandlar kelajakda buyuk insonlardan bo‘lib ulgayishlari uchun etiborlar masuliyatlarini kuchaytirishlari kerak shunda kutilgan orzu va qilingan niyyatlarga erishiladi. erishiladi.
Farzand — omonat
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! O‘zlaringizni va oilalaringizni do‘zax olovidan saqlangiz!” (Tahrim surasi, 6-oyat).
Bu oyat ota-onaga ulkan vazifani yuklaydi. Ya’ni, farzandni faqat yedirib-ichirish emas, balki uni iymonli, odobli, halol va vatanparvar qilib tarbiyalash ham ota-onaning burchidir.
Bugungi kunda ayrim ota-onalar farzandining kiyimi, ovqati, o‘qishi haqida qayg‘uradi, ammo uning qalbi, odobi, namozi va do‘stlari haqida yetarlicha e’tibor bermaydi. Holbuki ota onadan farzandlari uchun qoladigan eng katta meros — boylik emas, chiroyli tarbiyadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiya haqidagi biz ummatlariga qilgan nasihatlarini eslaymiz.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hech bir ota o‘z farzandiga chiroyli odobdan afzalroq hadya bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, farzandga qimmatbaho uy yoki mol-dunyo emas, balki go‘zal axloq berish eng katta boylikdir.
Yana bir hadisda: “Barchangiz mas’ulsiz va qo‘l ostingizdagilardan so‘ralasiz” deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Demak, ota ham, ona ham farzandi tarbiyasi uchun Alloh huzurida javob beradi.
Tarbiya oiladan boshlanadi
Farzand eng avvalo ota-onaning fe’l-atvoridan ta’sirlanadi. Uyda yolg‘on gapirilsa, farzand ham yolg‘onchi bo‘ladi. Uyda hurmat bo‘lsa, farzand ham odobli bo‘lib ulg‘ayadi. Ota-onaning har bir amali bolaga darsdir.
Shuning uchun:
Ota halol rizq topishi;
Ona iffati va odobi bilan namuna bo‘lishi;
Oilada namoz, Qur’on va yaxshi muhit bo‘lishi;
Farzandga mehr bilan nasihat qilinishi juda muhimdir.
Qattiqqo‘llik yoki faqat koyish bilan emas, mehr va hikmat bilan qilingan tarbiya samarali bo‘ladi.
Luqmoni Hakimning o‘g‘liga qilgan nasihati va tarbiyasini Alloh taolo quronda bayon qilinish farzand tarbiyasi naqadar masuliyatli vazifaligini bilib olsak bo‘ladi: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma. Albatta shirk katta zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Bu oyatda avvalo aqida va iymon tarbiyasi birinchi o‘ringa qo‘yilganini ko‘ramiz. Farzandga eng avvalo Allohni tanitish, halol-haromni o‘rgatish lozim.
Farzand tarbiyasidagi eng katta xatolar
Bugungi davrda ayrim ota-onalar:
Farzandini telefon va internetga topshirib qo‘ymoqda;
Uning do‘stlari va muhitini nazorat qilmayapti;
Diniy tarbiyaga e’tiborsizlik qilmoqda;
“Katta bo‘lsa o‘zi o‘rganadi”, deb beparvo bo‘lmoqda.
Ammo yosh nihol qanday egilsa, katta daraxt ham shunday shakl oladi. Kichiklikda berilgan tarbiya umr bo‘yi ta’sir qiladi.
Solih farzand — ota-onaga sadaqai joriya bo‘ladi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Inson vafot etsa, uch narsadan boshqa amali uziladi: sadaqai joriya, foydali ilm va haqqiga duo qiladigan solih farzand" (Imom Muslim rivoyati).
Demak, yaxshi tarbiya topgan farzand ota-onasining vafotidan keyin ham ularga savob yetkazib turadi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida aytib o‘tmoqchimiz
Farzand tarbiyasi — eng ulug‘ va eng mas’uliyatli vazifadir. Ota-ona farzandiga nafaqat dunyoviy ta’lim, balki iymon, odob, hayo, vatanparvarlik va insoniylikni ham o‘rgatishi kerak. Chunki bugungi farzand — ertangi ota-ona, ustoz va jamiyat egasidir.
Alloh taolo barcha ota-onalarga farzandlarini solih, ilmli, odobli qilib tarbiyalashda tavfiq ato etsin. Farzandlarimizni diniga, vataniga va ota-onasiga sadoqatli insonlardan bo‘lib ulgayishlarini nasib etsin.
Muhammadshokir Boboxo‘jayev,
Norin tumanidagi “Umarxo‘ja eshon” jome masjidi imom-xatibi
00:00 Xabarlar
00:56 “Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi
01:25 “Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan
01:57 Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi
04:45 Toshkentda Malayziya xalqaro halol ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda
05:20 Har bir xonadonga bayramona kayfiyat kirib bormoqda
06:00 Istiqlol shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
06:34 Xonadonlarga mehr, ko‘ngillarga umid ulashib...
07:08 Bir guruh imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi
07:43 Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
ISHONCHLI VA RASMIY MANBA
YouTube | Instagram | Facebook