frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Farzand tarbiyasi — ota-ona qo‘lidagi omonat

09.06.2026   11937   4 min.
Farzand tarbiyasi — ota-ona qo‘lidagi omonat

Farzand — Alloh taoloning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. U nafaqat quvonch va baxt manbai, balki ota-ona zimmasidagi katta mas’uliyat hamdir. Farzand tarbiyasi Islom dinida ibodat darajasidagi muqaddas vazifa hisoblanadi. Chunki bugungi tarbiya ertangi jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Solih farzand — ota-onaga dunyoda ham sharaf, oxiratda ham najot topishiga sababidir.

Farzand tarbiyasida ota ona va ustozlar bir yoqadan bosh chiqarib farzandlar kelajakda buyuk insonlardan bo‘lib ulgayishlari uchun etiborlar masuliyatlarini kuchaytirishlari kerak shunda kutilgan orzu va qilingan niyyatlarga erishiladi. erishiladi. 

Farzand — omonat

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! O‘zlaringizni va oilalaringizni do‘zax olovidan saqlangiz!” (Tahrim surasi, 6-oyat).

Bu oyat ota-onaga ulkan vazifani yuklaydi. Ya’ni, farzandni faqat yedirib-ichirish emas, balki uni iymonli, odobli, halol va vatanparvar qilib tarbiyalash ham ota-onaning burchidir.
Bugungi kunda ayrim ota-onalar farzandining kiyimi, ovqati, o‘qishi haqida qayg‘uradi, ammo uning qalbi, odobi, namozi va do‘stlari haqida yetarlicha e’tibor bermaydi. Holbuki ota onadan farzandlari uchun qoladigan eng katta meros — boylik emas, chiroyli tarbiyadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiya haqidagi biz ummatlariga qilgan nasihatlarini eslaymiz. 

Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hech bir ota o‘z farzandiga chiroyli odobdan afzalroq hadya bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, farzandga qimmatbaho uy yoki mol-dunyo emas, balki go‘zal axloq berish eng katta boylikdir.

Yana bir hadisda: “Barchangiz mas’ulsiz va qo‘l ostingizdagilardan so‘ralasiz” deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Demak, ota ham, ona ham farzandi tarbiyasi uchun Alloh huzurida javob beradi.
 

Tarbiya oiladan boshlanadi

Farzand eng avvalo ota-onaning fe’l-atvoridan ta’sirlanadi. Uyda yolg‘on gapirilsa, farzand ham yolg‘onchi bo‘ladi. Uyda hurmat bo‘lsa, farzand ham odobli bo‘lib ulg‘ayadi. Ota-onaning har bir amali bolaga darsdir.

Shuning uchun:

Ota halol rizq topishi;

Ona iffati va odobi bilan namuna bo‘lishi;

Oilada namoz, Qur’on va yaxshi muhit bo‘lishi;

Farzandga mehr bilan nasihat qilinishi juda muhimdir.

Qattiqqo‘llik yoki faqat koyish bilan emas, mehr va hikmat bilan qilingan tarbiya samarali bo‘ladi.

Luqmoni Hakimning o‘g‘liga qilgan nasihati va tarbiyasini Alloh taolo quronda bayon qilinish farzand tarbiyasi naqadar masuliyatli vazifaligini bilib olsak bo‘ladi: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma. Albatta shirk katta zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Bu oyatda avvalo aqida va iymon tarbiyasi birinchi o‘ringa qo‘yilganini ko‘ramiz. Farzandga eng avvalo Allohni tanitish, halol-haromni o‘rgatish lozim.

Farzand tarbiyasidagi eng katta xatolar

Bugungi davrda ayrim ota-onalar:

Farzandini telefon va internetga topshirib qo‘ymoqda;

Uning do‘stlari va muhitini nazorat qilmayapti;

Diniy tarbiyaga e’tiborsizlik qilmoqda;

“Katta bo‘lsa o‘zi o‘rganadi”, deb beparvo bo‘lmoqda.

Ammo yosh nihol qanday egilsa, katta daraxt ham shunday shakl oladi. Kichiklikda berilgan tarbiya umr bo‘yi ta’sir qiladi.

Solih farzand — ota-onaga sadaqai joriya bo‘ladi. 

Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Inson vafot etsa, uch narsadan boshqa amali uziladi: sadaqai joriya, foydali ilm va haqqiga duo qiladigan solih farzand" (Imom Muslim rivoyati).

Demak, yaxshi tarbiya topgan farzand ota-onasining vafotidan keyin ham ularga savob yetkazib turadi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida aytib o‘tmoqchimiz

Farzand tarbiyasi — eng ulug‘ va eng mas’uliyatli vazifadir. Ota-ona farzandiga nafaqat dunyoviy ta’lim, balki iymon, odob, hayo, vatanparvarlik va insoniylikni ham o‘rgatishi kerak. Chunki bugungi farzand — ertangi ota-ona, ustoz va jamiyat egasidir.
Alloh taolo barcha ota-onalarga farzandlarini solih, ilmli, odobli qilib tarbiyalashda tavfiq ato etsin. Farzandlarimizni diniga, vataniga va ota-onasiga sadoqatli insonlardan bo‘lib ulgayishlarini nasib etsin.


Muhammadshokir Boboxo‘jayev,
Norin tumanidagi “Umarxo‘ja eshon” jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   25056   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari