Muzdalifada...
Bu yerda dunyoning soxta yaltiroqlari — boylik, mansab va mavqe o‘z qiymatini yo‘qotadi. Bu muqaddas zaminda vazir bilan oddiy ishchi, kuchli bilan ojiz, xasta bilan sog‘lom birday, bir maydonda yonma-yon tiziladi. Hammaning egnida bir xil libos, hamma bir xil qiyofada: ikki parcha oq matoga uralgan... Bu manzara banda kun kelib Rabbi huzuriga mana shunday holda, hech vaqosiz va yolg‘iz boradigan hisob kunini eslatadi.
Bosh ustida tom o‘rniga ochiq osmon, atrofda esa millionlab odamlarning charchoqli yuz-ko‘zlari... Dunyoning boshqa hech bir yerida inson o‘zining tirik ekanini, banda ekanini va aynan mana shu lahzada Yaratganga naqadar muhtojligini bu qadar chuqur his qila olmaydi – kimdir lablari titrab Qur’oni karim tilovat qiladi, kimdir zorlanib, duoga qo‘l ochadi, kimdir esa butun borlig‘ini muazzam bir sukunatga topshirib, jimgina yotadi.
Shu topda, balki uzoq yillar ichida ilk marotaba inson o‘z qalbi bilan yuzma-yuz keladi, o‘z vijdoni bilan gaplashadi. Demak, Muzdalifa — anglash makoni. Bu yerda inson o‘tkinchi hayoti davomida qanchadan-qancha ortiqcha yuklarni orqalab yurgani, dunyo lazzatlariga aldanib qolganlarini his etadi. Balki bu manzilda ularning baridan voz kechish, tavba qilish, poklanish va Allohning jamoliga loyiq bo‘lish uchun fursat berilar...
Balki mana shu yulduzlar ostidagi ochiq osmonda kimdir umrida ilk bor niqobini yechib, astoydil yig‘layotgandir... Kimdir ilk bor bahonalarni unutib, chin yurakdan tavba qilayotgandir... Va balki kimdir hayotida ilk marotaba Allohning unga tomir urishidan ham yaqinroq ekanini butun vujudi bilan his etayotgandir. Mana shu his — bandaning eng oliy baxtidir.
Alloh taolo qilgan haj ibodatlarimizni, chekkan zahmatlarimizni va tungi duolarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin! Omin.
Akbarshoh RASULOV
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan imom-xatiblar ishtirokida “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Tashrif avvalida ishtirokchilar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Unda diniy-ma’rifiy faoliyatda zamonaviy yondashuvlar, milliy va diniy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni yosh avlodga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga “Men” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular yurtimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar, islom ilm-fani taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga oid tarixiy manbalar, noyob eksponatlar hamda zamonaviy multimedia yechimlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va turli davrlarga oid nodir Qur’on nusxalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri Markazning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyati bilan tanishish bo‘ldi. Jumladan, mehmonlarga kutubxona faoliyati, uning fondidan o‘rin olgan ilmiy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, elektron axborot resurslari hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markazning ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ushbu platformaning asosiy vazifasi — islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish, jahonning nufuzli ilmiy muassasalari, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar hamda olimlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekani tushuntirildi.
Mazkur platforma xalqaro ilmiy muloqotlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va taqdimotlarni tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish uchun zamonaviy maydon vazifasini bajaradi. U orqali Markazda jamlangan tarixiy manbalar va ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga yetkazish, shuningdek, O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonda keng tanitish imkoniyatlari yaratilgan.
Shodlik Boynazarov, Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Xon Ismoil Jo‘rjoniy masjidi imom-xatibi:
Bu yerda faqatgina muzey bilan cheklanib qolinmagan. Ilmiy yo‘nalishlar, diniy qadriyatlarimiz, islom dinining shakllanishidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, buyuk ulamolarimiz hayoti va ularning asarlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Bunday markazning barpo etilishi yurtimiz kelajagi, ayniqsa, yosh avlod uchun katta ilmiy va ma’naviy meros hisoblanadi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Qangli jome masjidi noib imomi esa Markazda yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, xususan, ekspozitsiyalar va ko‘p tilli axborot tizimining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, Markaz orqali milliy qadriyatlar, diniy meros va buyuk allomalar hayoti haqida turli tillarda ma’lumot olish, ularni chuqur o‘rganish mumkin. Ayniqsa, Qur’oni karim zalidagi “Alaqa” surasi ilk oyatlaridan boshlanib, “Fotiha” surasi tilovati bilan davom etadigan taqdimot unda katta taassurot qoldirgan.
Normamat Ramazon, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi:
Ulamolarimizning hayoti va ilmiy merosi, qo‘lyozma kitoblar, shuningdek, Qur’oni karim zalidagi Usmon mus'hafi bilan tanishib, juda katta taassurot oldik. Bu yerda har bir tafsilotga alohida e’tibor qaratilgan. Yurtimizda bunday ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotgani biz, diniy soha vakillari uchun ham katta imkoniyat.
Ta’kidlash joizki, “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasidagi bunday uchrashuv va ma’rifiy tashriflar diniy soha vakillarining tarixiy meros, islom ilm-fani va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqidagi bilimlarini boyitish, shuningdek, milliy va diniy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati