Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «“Oh, Yusuf!” deb ko‘zlariga oq tushdi» (Yusuf surasi, 84-oyat).
Bu oyat uzoq vaqtdan beri mufassir va tibbiyot tadqiqotchilarini o‘ziga jalb qilib keladi. Ba’zi talqinlarga ko‘ra, bu “oq tushish” hozirda butun dunyoda ko‘rlikning asosiy sababi sifatida tan olingan “katarakta”ga ishora qiladi.
Ko‘zga oq tushishi – ko‘z gavharining xira tortishi bo‘lib, tabobat ilmida “katarakta” deyiladi. Bunda ko‘z gavharida xiralik paydo bo‘lib, ko‘rishni qisman yoki to‘liq to‘sib qo‘yadi. Ba’zida bu xiralik ko‘zni shu darajada zaiflashtiradiki, hatto inson butkul ko‘rmay qoladi.
Misrlik biokimyogar doktor Abdul Bosit Muhammad Sayyid aytadi: “Kunlarning birida bomdod namozida Yusuf surasini o‘qidim. Undagi ajoyib qissa e’tiborimni tortdi. Yusufga akalarining qilgan fitnasi, otasi uni yo‘qotib qo‘yib, qattiq qayg‘udan ko‘zi ko‘rmay qolgani, so‘ngra Yusuf alayhissalomning ko‘ylagini yuziga bosganida ko‘zi yana ochilgani haqida fikr yuritdim. O‘zimga o‘zim: “Yusufning ko‘ylagida nima bo‘lishi mumkinki, bunday shifoga sabab bo‘lsa va ko‘z o‘z holatiga qaytsa?” dedim. Ishonchim komilki, bu yerda faqat ruhiy davo emas, balki moddiy shifo ham bo‘lgan. Qur’onning haq ekanini tasdiqlash uchun bu masalani o‘rganib, oxiriga yetkazishim kerak. Men bu masala ustida tadqiqot o‘tkazdim va Alloh meni bunga muvaffaq qildi”.
Doktor Abdul Bosit Muhammad Sayyid terning Yaqub alayhissalomning ko‘rish qobiliyatini tiklashda rol o‘ynashi mumkinligi borasida ilmiy tadqiqotlar olib bordi.
Doktor Abdul Bosit inson tanasidan ajraladigan terning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan karbamidga e’tibor qaratdi va u katarakta hosil bo‘lishini qaytarishga yordam berishi mumkin degan gipotezani ilgari surdi.
Katarakta linzalarini ter eritmalariga botirib, linzalarning xiralashishini asta-sekin yo‘q qilishini kuzatdi. U ter tarkibiy qismlaridan olingan ko‘z tomchisi formulasini ishlab chiqdi va uni 250 nafar bemorda sinab ko‘rdi.
Natijada, 90 foizdan ortiq bemorning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, ammo ko‘zida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan. Doktor Abdul Bosit Muhammad bu ilmiy kashfiyotlari uchun Yevropa va Amerika Qo‘shma Shtatlarida patentlarni oldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
اللَّهُمَّ اجْعَلْ فِي بَصَرِي نُورًا
Allohummaj’al fiy basoriy nuron
“Yo Allohim, ko‘zimda nur qil” deb duo qilardilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo beminnat bergan ko‘z ne’matining shukrini ado etishimizni nasib aylasin. Ko‘zlaringiz hamisha quvonchdan porlab tursin!
Davron NURMUHAMMAD
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi